Samarqandda Qozogʻistonning Bosh konsulxonasi ochildi
Oʻzbekiston va Qozogʻiston Markaziy Osiyoda oʻz oʻrniga hamda salohiyatiga ega boʻlgan muhim davlatlar hisoblanadi. Qolaversa, Oʻzbek va Qozoq xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik rishtalari ming yillar davomida shakllangan umumiy tarix, til hamda madaniyatga asoslangan. Ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar soʻnggi yillarda yaqin qoʻshnichilik hamda strategik sheriklik asosida izchil rivojlanib bormoqda. Bugun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik har jihatdan ishonchli va konstruktiv boʻlib, oʻtgan yillar davomida buning uchun mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza yaratildi.
Samarqand shahrida Qozogʻiston Respublikasi Bosh konsulxonasining ochilishi ham ana shu doʻst va qardosh xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikning amaldagi yorqin namunasi boʻldi. Samarqand shahridagi Qozogʻiston Respublikasi Bosh konsulxonasining ochilish marosimida ishtirok etgan Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham ayni jihatlarni yana bir bor eʼtirof etdi.
– Samarqandda Bosh konsulxonamizning tashkil etilishi Qozogʻiston va Oʻzbekiston davlat rahbarlarining ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari va azaliy doʻstona aloqalarni yana-da mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlari mahsulidir, – dedi Qozogʻiston elchisi Darxan Satibaldi oʻz tabrik soʻzida. – Ayniqsa, keyingi besh yilda davlatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik kuchaydi. Bugungi kunda Qozogʻistonda Oʻzbekistonning ikkita konsulxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Biz Bosh konsulxonamiz uchun Samarqandni tanlashimiz bejiz emas. Chunki bu shahar Oʻzbekistoning yirik tarixiy-madaniy markazlaridan biri, iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi yuqori hududi hisoblanadi. Xususan, sayyohlik borasida Samarqandda katta imkoniyatlar mavjud. Biz kecha viloyatdagi bir qator korxonalar faoliyati bilan tanishib, ularning Qozogʻiston bilan yaqin hamkorlikda ishlayotganiga guvoh boʻldik. Xususan, yaqinda Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy avtobuslardan 50 tasi Turkiston shahriga yetkazib berildi. Yil yakuniga qadar yana 200 ta shunday avtobus xarid qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, oʻtgan yil yakunida Samarqandda «Tengebank» filiali ish boshladi. Bosh konsulxonamiz bu aloqalarni yana ham rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonamiz.
— Bu yil Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 29 yil toʻladi, – dedi E.Turdimov marosimda. – Oʻtgan yillar davomida davlatlarimizning yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklikka asoslangan aloqalari mustahkamlandi. Ayniqsa, keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi bilan bu hamkorlik yangi bosqichda davom etmoqda. Mazkur konsulxona ham buning natijasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻtgan yil yakunlariga koʻra, viloyatimizning Qozogʻiston bilan oʻzaro tovar aylanmasi 147 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bugungi kunda Samarqandda Qozogʻiston kapitali ishtirokidagi 15 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Mehmonlar Bosh konsulxonaning rasmiy ochilishidan soʻng binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Samarqand shahrida faoliyat boshlagan ushbu Bosh konsulxona mamlakatlarimiz oʻrtasida amalga oshirilayotgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni yana-da kengaytirib, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdilar.
— Samarqand nafaqat Oʻzbekiston balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan qadimiy shahar sifatida nihoyatda qadrli va muhim ahamiyatga ega. Chunki soʻnggi yillarda bu yerda turizm va sanoat sohasi jadal rivojlanib bormoqda, – dedi Qozogʻistonning Samarqanddagi Bosh konsuli Azamat Aubekov. — Eʼtiroflisi, yaqin yillarda shahar 1 million aholiga ega shaharga aylanadi va uning maqomi yana-da oshadi. Bu esa shaharga investitsiyalarni keng jalb qilish imkoniyatini kengaytiradi. Samarqand shahrida faoliyat boshlagan Bosh konsulxonamiz asosan ikki davlat oʻrtasida sayyohlik va savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishda yuridik va jismoniy shaxslarga yaqindan yordam beradi, ularning hujjatlarini rasmiylashtirishga koʻmaklashadi. Konsulxonamizning qamrovi keng, biz Samarqanddan tashqari Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolariga ham xizmat koʻrsatamiz.
Joriy yilda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 29 yil toʻladi. Ushbu sana munosabati bilan Samarqand shahrida ochilgan Bosh konsulxona, ikki mamlakat hamkorligi tarixida yangi sahifa yaratishi hamda uni yana-da rivojlantirishda muhim tayanch boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring