Samarqandda qoʻlbola aroq ishlab chiqargan yashirin sex fosh qilindi
Samarqand viloyatida qalbaki alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yashirin sex fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jomboy tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro D.S. «Samarqand« MFY hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil qilib, qoʻlbola usulda alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu yashirin sexdan umumiy bahosi 69,8 mln soʻmlik 19 100 dona yorliqlar, 10 000 dona shisha qopqoqlari, 1 500 dona boʻsh shisha idishlar, 1 570 dona qalbaki aksiz marka, 1 420 litr spirt, 359 dona alkogol mahsulotlari va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring