Samarqandda obod mahallalar koʻpaymoqda

19:47 27 Sentyabr 2023 Jamiyat
703 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Davlatimiz rahbarining topshirigʻi boʻyicha joylarda ogʻir hudud deb belgilangan aholi manzillarida “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlari asosida hududlar infratuzilmasini yaxshilash ishlari davom etmoqda.

Ana shunday manzillardan biri Ishtixon tumanidagi Chagʻatoy mahallasida xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Prezident maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Qahramon Sariyev boshchiligidagi Respublika ishchi guruhining mahalladagi oʻrganishlaridan soʻng, hududda yoʻl, elektr-energiyasi, ichimlik suvi, obodonlashtirish ishlari, sogʻliqni saqlash, mehnat va bandlik, ijtimoiy yordamlar koʻrsatish kabi masalalarni hal etishga kirishildi. Bugungi kunda mazkur mahalladagi 1026 ta xonadonda 6186 nafar aholi istiqomat qiladi. Oilalar soni 1256 ta. Dastlab, mahalladagi barcha xonadonlarda xatlov amalga oshirilib, tegishli tashkilotlar tomonidan xonadonma-xonadon yurilib, aholi muammolari real oʻrganildi.

Shundan soʻng kam taʼminlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj   oilalarga uylarini taʼmirlash uchun qurilish materiallari olib berildi. Tumangaz taʼminoti korxonasi tomonidan 600 ta suyultirilgan gaz ballonlari yangisiga almashtirildi. 45 ta xonadonda obodonlashtirish ishlari olib borilib, atrof chiqindilardan tozalandi. Mahalladagi 1700 metr elektr tarmoqlari yangilandi.

— Mahallamizda aholining turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan katta hajmdagi ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqindagina 53-umumtaʼlim maktabiga zamonaviy yangi bino qurib berilgan edi. Mana hozirda yoʻllarga asfalt, shagʻal yotqizilib, atrof obodonlashtirilyapti. Transformatorlar yangilanib, elektr taʼminoti yaxshilanyapti, — deydi “Chagʻatoy” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sayfiddin Xolmamatov. — Bundan ruhlangan xalqimiz ham jarayonlarda faol ishtirok etyapti. Ularning yordami bilan mahalladagi 4 ta qabristonda obodonlashtirish ishlari olib borildi.

Prezident Xalq qabulxonasi, vazirliklar, qoʻmitalar va viloyat sektorlari masʼullarining “Chagʻatoy”dagi oʻrganishlardan soʻng “Chagʻatoy — Yuqori Chagʻatoy” yoʻlining 2300 metr qismiga shagʻal yotqizilib, asfaltlash ishlari olib borildi.

— Mazkur mahallada 20 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar mavjud boʻlib, hozirda ularni shagʻallashtirish ishlari olib borilmoqda, — deydi tuman obodonlashtirish boʻlimi mutaxassisi Qahramon Elmurodov. — Bundan tashqari hududda 5 kilometr mahalliy ahamiyatdagi asfalt yoʻl ham bor. Uni ham taʼmirlash koʻzda tutilgan.

Respublika Ishchi guruhining oʻrganishlari davomida   xotin-qizlar ishtirokida “obodlik koʻngildan boshlanadi” mavzusida oila darslari tashkil qilindi. Tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan mahalladagi davolanishga muhtoj 500 nafardan ortiq aholining salomatligi tekshirilib, chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.  

— Prezidentimiz tashabbusiga asosan mahallamizda “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” loyihasi asosida katta hajmda ishlar olib borilib, bizning mahallamiz ham hududdagi namunali darajaga olib chiqilyapti, — deydi Xurshida Rahmonova. — Qachonki xonadon obod boʻlsa, shundan keyin koʻcha va mahalla obod boʻladi. Buni yaxshi anglab yetgan mahallamizdagi barcha fuqarolar, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlar befarq boʻlmagan holda bu jarayonga oʻz hissasini qoʻshmoqda.

Tegishli dasturga koʻra, Samarqand viloyatining ogʻir hududlaridan hisoblangan Kattaqoʻrgʻon tumanidagi “Chuyanchi”, Past Dargʻom tumanidagi “Olti qahramon” va Oqdaryo tumanidagi “Yangiqoʻrgʻon” mahallalarida ham keng koʻlamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilyapti.

Albatta, bunday ezgu va xayrli tashabbuslar xalqimizni baxtli va farovon yashashi uchun munosib sharoit yaratishga xizmat qilishi bilan birga, mamlakatimizda inson — jamiyat — davlat degan xalqchil gʻoya amalda izchillik bilan qaror topayotganidan darak beradi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер