Samarqandda “AGRO PROEXPO-2023» qishloq xoʻjaligi koʻrgazmasi ish boshladi

22:11 21 Fevral 2023 Jamiyat
652 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqanddagi xalqaro koʻrgazma majmuasida “AGROPRO EXPO-2023» xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazma oʻz ishini boshlandi.

Koʻrgazmaning tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyev, Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Oliy Majlis Senati aʼzolari, shuningdek, xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari, tadbirkorlar ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasi agrar-sanoatlashgan mamlakat boʻlib, yildan-yilga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirib bormoqda. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish hajmi 25 milliard AQSH dollaridan oshadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 90,3 foizi nodavlat sektorga toʻgʻri kelmoqda. Mamlakatda 85 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda va ular tasarrufida 4 million gektardan ortiq yer mavjud. Shuningdek, 460 dan ortiq agroklaster tashkil etilgan.

Mazkur yarmarka esa ishlab chiqaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi, mahsulot yetishtiruvchilar oʻrtasidagi integratsiyani chuqurlashtirishda, ilm-fan yutuqlarini sohaga keng joriy etishda, agroklaster va kompaniyalar bilan fermer xoʻjaliklari oʻrtasida oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzishda, eng asosiysi, soha taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi.

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligini yanada rivojlantirish, tarmoqqa zamonaviy, innovatsion texnologiyalarni hamda ilm-fan yutuqlarini keng tatbiq etish orqali yuqori samaradorlikka erishish agrar soha oldida turgan eng muhim va ustuvor masalalardan biriga aylangan.

Shu bois ham davlat tomonidan agrosanoat majmui sohasiga eʼtibor faol ravishda ortib bormoqda. Sohani rivojlantirish maqsadida qoʻshimcha yer uchastkalari ajratilyapti, qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini sotib olish, shuningdek, sugʻorish tizimlarini sotib olish imkoniyati uchun bozordan foizi past boʻlgan subsidiyalar, imtiyozlar va xalqaro kredit liniyalarini berish mexanizmlari joriy etilmoqda.

“AGROPRO EXPO-2023» qishloq xoʻjaligini innovatsion usulda rivojlantirishda olimlar, ishlab chiqaruvchilar, agroklasterlar, fermer va xalqaro hamkorlar uchun muhim muloqot maydoni vazifasini oʻtashi shubhasiz.

Koʻrgazmada qishloq xoʻjaligi texnikalari, agregatlar, ehtiyot qismlar, sugʻorish tizimlari, issiqxona jihozlari, urugʻlik, koʻchatlar, sohaga doir innovatsion ishlanmalar namoyish qilinmoqda. Boshqacha aytganda, 140 dan ortiq kompaniya va korxonalar 2 mingdan ortiq mahsulot va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, ushbu xalqaro koʻrgazma ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. 2022-yilda oʻtgan ilk koʻrgazmada yuzdan ortiq korxonalar mingga yaqin mahsulotlari bilan ishtirok etgan edi. Yarmarka yakunlari bilan esa 200 milliard soʻmlik yuzga yaqin shartnomalar imzolangan. Bu galgi koʻrgazmada esa 3 kun davomida 20 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi korxonalari xodimlari, fermer va dehqonlar ishtirok etishi hamda 800 milliard soʻmlik hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Shuningdek, koʻrgazma doirasida uch kun davomida Yevropa va Osiyoning yetakchi kompaniyalari tomonidan ilgʻor loyihalar taqdim etiladi. Agrosanoat majmuasiga bagʻishlangan 25 dan ortiq forumlarda mahalliy va xorijiy maʼruzachilar munozaralar olib boradi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер