Samarqand viloyatida gilos eksporti hajmi oshmoqda
Foto: «Халқ сўзи»
Bulungʻur tumanida joylashgan «Samarqand garden plast» korxonasi 2016-yilda tashkil topgan boʻlib, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini mavsumiy eksport qilish bilan shugʻullanadi. Korxona Yevropaning eng ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan.
Keng maydonlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirib, qayta ishlab, eksportga yoʻnaltirishga moʻljallangan mazkur korxona tomonidan shu bugungi kungacha 600 tonna mahsulot xorij davlatlariga chiqarildi. Mahsulotlar orasida gulkaram, brokkoli, bulgʻor qalampiri, shaftoli, gilos, olcha va boshqa turdagi meva-sabzavotlar bor.
Hozirda gilos eksporti avj pallaga chiqqan. 1000 gektar maydonda 15 xil navdagi gilos koʻchatlari Gretsiya davlatidan olib kelingan boʻlib, har bir gektaridagi 1 ming 250 tup daraxtlar toʻliq hosilga kirgan. Har bir daraxtdan 10-15 kilogrammgacha, gektaridan 15-20 tonnagacha qirmizi meva terib olinmoqda.
— Ayni kungacha korxonamiz tomonidan 100 tonna gilos Koreya davlatiga eksport qilindi va yana 1000 tonna gilos eksporti uchun shartnoma tuzilgan, — deydi korxona bosh direktori Farhod Qoʻchqorov. — Gilosni, shuningdek, Xitoy va Rossiya Federatsiyasi bozorlariga yetkazib berish ham rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, «Samarqand garden plast»ning yil davomidagi daromadi 30 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring