Samarqand davlat universiteti — Markaziy Osiyodagi noyob oliy taʼlim dargohi

19:59 26 Sentyabr 2023 Jamiyat
1978 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Samarqand davlat universiteti — nafaqat Oʻzbekistonning, balki Markaziy Osiyoning noyob va oʻziga xos tarixga ega boʻlgan universitetlaridan biri. Keyingi yillarda ushbu taʼlim maskanida ilm-fan yutuqlarini egallash jarayonlari yanada kengayib, jahonning oltmishdan ortiq davlatlaridagi 200 ga yaqin nufuzli Oliy taʼlim muassasalar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Universitetda 8 ta xalqaro markaz, jumladan Koreya taʼlim markazi, Rossiya taʼlim markazi, Yaponiya taʼlimi va madaniyati markazi, Sampus frans til markazi, ingliz taʼlim markazi, Hindiston taʼlimi va madaniyati markazi, Ozarbayjon madaniyati markazi, Turkologiya ilmiy tadqiqot instituti faoliyatlari yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu markazlarda Samarqand davlat universiteti jamoasidan tashqari boshqa oliy oʻquv yurt talaba va tadqiqotchilarining foydalanish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan.

Bu yerdagi qulay shart-sharoitlar tufayli qoʻshni davlatlardan tahsil olish uchun kelayotgan tlabalar soni yil sayin ortib bormoqda. Birgina misol: hozirda universitetda, Rossiya, Tojikiston, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Pokiston, Yaponiya, Polsha, Ukraina va Turkmaniston kabi davlatlardan bakalavriat, magistratura hamda doktorantura bosqichlarida tadqiqotchilar va talabalar tahsil olmoqda.

Ayni paytda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Ruminiya, Turkiya, Germaniya, Isroil kabi davlatlarning nufuzli universitetlari va tashkilotlari bilan tuzilgan oʻzaro kelishuvga koʻra, universitetning 40 nafar professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari, 81 nafar tayanch doktorant va talabalari xorijiy ilmiy stajirovka va malaka oshirish kurslariga tahsil olish uchun joʻnatildi.

Taʼlim sifatini yaxshilash — bosh maqsad

Samarqand davlat universitetida malakali mutaxassislar yetishtirishga hamda taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois xorijiy Oliy taʼlim muassasalari tajribasidan unumli foydalanish jarayoni keng targʻib qilinmoqda.

Jumladan, 2019-yildan boshlab bu yerda Xalqaro taʼlim dasturlari markazi ish boshladi. Ularda Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil, Rossiya, Hindiston, Belarus kabi rivojlangan davlatlarning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etilgan.

Xitoyning Shansi Normal universiteti, Janubiy Koreyaning Sunchonxyan hamda Youngnam universiteti, Isroilning Xolon texnologiya instituti, Rossiyaning Stankin Moskva davlat texnologiyalar universiteti, Tomsk davlat universiteti, Rossiya davlat gumanitar universiteti va Shimoliy Kavkaz Fedaral universitetlari, Hindistoning Chadigarh universiteti, Belarus milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda, 10 ta bakalavriat yoʻnalishlari va 12 ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu universitetlarda hozirgi kungacha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida 250 nafarga yaqin talabalar tahsil olishmoqda.

Universitetning ilmiy salohiyati ham yil sayin ortib boryapti. Masalan, 2017-yildan boshlab turli yoʻnalishlarda ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga yetarli sharoit yaratish, ularning ilmiy loyihalarni rivojlantirish, amaliyotga tadbiq etish borasida oʻziga xos mezonlar ishlab chiqildi.

Shu bois keyingi yillarda falsafa doktori (PhD) va fan doktorligi (DSc) ilmiy ishlari himoyasi nihoyatda samarali boʻlayotir. Hozirda yosh olimlarga 11 ta ilmiy kengashlar xizmat koʻrsatmoqda. Mutaxassislarning fikricha bugunga kelib, universiteting ilmiy salohiyati 44,7 foizdan 65 foizga koʻtarilgan.

Obod boʻlayotgan ziyo maskani

Maʼlumki, taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy salohiyatni yuksaltirish jarayonlari universitetning moddiy-texnik imkoniyati bilan bevosita bogʻliqdir. Shu bois, universitet rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov rahbarligida bu qutlugʻ dargohda oʻtgan 6 yilda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2017-yildan boshlab Samarqand davlat universitetida keng koʻlamli qurilish va obodonchilik ishlari boshlab yuborildi. Samarali mehnat tufayli qisqa vaqt mobaynida 10 dan ziyod zamonaviy oʻquv binolari va laboratoriyalar qurilib foydalanishga topshirildi. Eski binolar esa qayta taʼmirlandi. Vaholanki, 2017-yilgacha boʻlgan soʻnggi 50 yil ichida Samarqand davlat universitetida faqat bitta bino qurilgan edi xolos.

Raqamlarga murojaat etadigan boʻlsak, universitetning biologiya fakulteti hovlisida 250 oʻringa moʻljallangan Vivariy va 150 oʻringa moʻljallangan Gerbariylar laboratoriyalari, 400 oʻrinli maʼruzalar zali, Oranjeriya hamda 150 oʻrinli oshxona-kafe, Kimyo fakultetining 700 nafar talabaga moslashtirilgan oʻquv binosi, Bosh bino hovlisida 1450 oʻrinli maʼruzalar oʻquv binosi va 200 oʻringa moʻljallangan talabalar turarjoyi hamda davlat-xususiy sherikligi asosida 400 oʻrinli talabalar turarjoyi binolari ham qurilib foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Fizika, Psixologiya, Tarix, Filologiya, Intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakultetlarining oʻquv binolari, Yadro-fizika laboratoriyasi hamda universitetning Urgut filiali binolarida taʼmirlash ishlari amalga oshrildi. Botanika bogʻi hududidagi mavjud oʻquv binolari esa joriy taʼmirdan chiqarildi.

Ayni kunlarda Jomboy tumanida joylashgan Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti hududida 400 oʻringa moʻljallangan talabalar turarjoyi va bosh bino hovlisida 1500 oʻrinli oʻquv binosini qurish ishlari olib borilmoqda.

Bunday bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda, universitetdagi 10 dan ziyod ilmiy laboratoriyalar faoliyati isloh qilindi yoki avvaldan mavjud boʻlganlari butunlay yangilandi. Molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi, Biologik faol birikmalar sintezi, Gazlar tahlili, Xromatografiya, Agrobiotexnologiyalar transferi, Amaliy mexanika, Kvant elektronika va nochiziqli optika, Molekulyar lyuminessensiya va fotokimyo, Molekulyar spektroskopiya, Kondensirlangan holat fizikasi, Yadro fizikasi, Astronomiya kabi laboratoriyalar faoliyatini mukammalashtirish jarayonlariga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Eʼtiborlisi, ushbu ilmiy maskanlar zamonaviy texnik jihozlar bilan taʼminlandi.

Xorijliklar eʼtirofi

Taʼlim muassasasining ilmiy salohiyati yuksalgani sari xorijiy davlatlardagi nufuzli taʼlim tashkilotlari va yetuk ilm-fan nomoyondalarining bu qutlugʻ dargohga qiziqishi ortib bormoqda. Ular aynan qadim Samarqandning ilm beshigi hisoblangan ushbu dorilfununda ilmiy maʼruzalar qilishni oʻzlariga sharaf deb bilishadi.

Shu bois universitet rektorati tashabbusi bilan birgina joriy yilda 10 ga yaqin xalqaro konferensiya va ilmiy anjumanlar oʻtkazildi.

Ularda Nobel mukofoti laureati Aziz Sanjar, Turkiyaning TUBITAK fondi prezidenti Hasan Mandal, Amerika Qoʻshma Shtatlarining Dallasdagi Texas universiteti qoshidagi Nanotexnologiya instituti direktori oʻrinbosari, Koreya fiziklar jamiyatining (KPS) prezidenti Suklyun Hong, Rossiya Fanlar akademiyasi Ural boʻlimi Fizika instituti ilmiy rahbari, akademik Vladimir Ustinov kabi dunyo tan olgan nufuzli olimlar, xalqaro yirik tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Ushbu xalqaro konferensiyalarning amaliy natijasi sifatida oʻnlab ilmiy tadqiqotlar, xalqaro grantlar, ilmiy stajrovkalar olib borilmoqda. Shuningdek, ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilmoqda.

Masalan, joriy yilning may oyida oʻtkazilgan “Nanofotonika, metamateriallar va fotovaltaika” nomli xalqaro konferensiyaning amaliy natijasi sifatida Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida “Kvant markazi” tashkil etildi.

Ushbu markazining asosiy vazifalaridan biri quyosh energiyasini elektr energiyaga aylantirish hamda peroksidlar asosidagi kvant kubitlar uchun materiallar sintez qilishdan iborat. Mazkur markaz fan va texnologiyaga integratsiyalashgan boʻlib, talaba va tadqiqoqtchilar oʻzlarining ilmiy ishlarini olib boradilar.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Samarqand davlat universitetidagi “Kvant” markazi Markaziy Osiyoda yagona boʻlib, bir qator nufuzli olimlar Samarqandga kelib, markazdagi laboratoriyalarda oʻz ilmiy faoliyatini olib borishi, yangi-yangi kashfiyotlar yaratishi mumkin.

Yuzaga chiqqan yutuqlar

Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan universitet nufuzini yanada oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2022-yil 13-yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti negizida Muhandislik fizikasi instituti tashkil etildi. Aynan shu tarixiy hujjatga koʻra, agrobiotexnologiyalar fakulteti negizida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti ish boshladi.

Bu yerdagi oʻqituvchi-professorlar va tadlabalar qishloq xoʻjaligi ekinlari seleksiyasi va urugʻchiligi, meva-sabzovotchilik va uzumchilik, oʻrmonchilik va aholi yashash joylarini koʻkalamzorlashtirish, issiqxona xoʻjaligini tashkil qilish, dorivor oʻsimliklarni yetishtirish texnologiyasi yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy amaliy ishlar olib bormoqda.

Aynan 2022-yilda biologiya fakultetida biofiziologik va biokimyoviy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beruvchi zamonaviy Vivariy ilmiy laboratoriyasi ishga tushirildi.

Bundan tashqari, joriy yilda Molekulyar biotexnologiya va zamonaviy botanik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi ham foydalanishga topshirildi. Bu ilm maskanlarining barchasi Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Vengriya, Yaponiya, Ukraina, Germaniya kabi davlatlardan keltirilgan zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.

Birgina Kimyo fakultetidagi Nobel mukofoti lareati Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy tadqiqot usullari asosida gazlar analizi, biofaol birikmalar sintezi ilmiy laboratoriyalari faoliyatining tahlili yaqin kelajakdagi katta yutuqlardan darak bermoqda.

Yosh olim va talabalarning ilmiy izlanishlari natijasida onkologiya kasalliklar uchun biofaol pereparatlar sintezi, turli zaharli va portlovchi gazlar uchun kimyoviy senserlar ishlab chiqish, sanoat miqyosida turli organik moddalar olish texnologiyasini ishlab chiqish, turli funksiyalarga ega nanomateriallar sintezi va tadqiqoti kabi bir necha yoʻnalishlardagi zamonaviy tadqiqotlar boʻyicha amaliy natijalarga erishildi.

Shu bois, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Qozogʻiston, Rossiya, Xitoy, Indoneziya, Malayziya kabi davlatlarning nufuzli olimlari bilan hamkorlik munosabatlari yuzaga keldi. Bir qarashda oddiy hisoblangan bu jarayonlar negizida ilm-fanning misli koʻrilmagan yutuqlari yashiringan, desak, ayni haqiqatdir.

                                              

Shodiyor MUTAHAROV

(“Xalq soʻzi).

Montaj va tasvirlar ustasi

Akmal Muhammadiyev (Xalq soʻzi).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер