Samarqand davlat chet tillar institutining ming oʻrinli oʻquv binosi foydalanishga topshirildi
Foto: Xalq so‘zi
12 ming nafardan ortiq talaba tahsil olayotgan Samarqand davlat chet tillar institutida bugungi kunda 6200 oʻrinli sakkizta oʻquv binosi mavjud.
Kuni kecha foydalanishga topshirilgan yana ming oʻrinli yangi oʻquv binosini zamon talablariga mos tarzda rekonstruksiya qilishga 10 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Endilikda bu yerda ingliz filologiyasi va tarjimashunoslik fakulteti talabalari barcha qulayliklarga ega auditoriyalarda saboq oladi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, Samarqand davlat chet tillar instituti mamlakatimizda oʻzini oʻzi moliyalash tizimiga oʻtgan dastlabki oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi.
— Tizimda amalga oshirilayotgan tub islohotlar sabab bugungi kunda oʻz mablagʻlarimiz hisobidan yangi bino qurish yoki ularni taʼmirlash, talabalarimizning sifatli taʼlim olishi uchun qulay sharoit yaratish imkoniyatimiz ortmoqda, — deydi mazkur institut rektori Ilhom Toʻxtasinov. — Buning natijasida oʻtgan 2022-yilda 12 milliard soʻm mablagʻ evaziga 288 ming nusxadagi ilmiy, oʻquv va xorijiy adabiyotlar bilan boyitilgan axborot-resurs markazini bunyod etdik. Ming oʻrinli oʻquv binomiz taʼmirlandi. Shuningdek, 32 milliard soʻm sarflanib, 600 oʻrinli talabalar turar joyi qurildi, 200 oʻrinli talabalar turar joyi mukammal taʼmirdan chiqarildi.
Yana bir yangilik. Ayni paytda institut hududida yana 2 ming oʻrinli oʻquv binolari qurilmoqda. Ularni kelgusi oʻquv yilida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Abdulaziz Yoʻldoshev, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring