Salohiyatli kadrlar tayyorlash — zamon talabi

13:03 23 Sentyabr 2020 Jamiyat
3139 0

Har qanday davlatning rivojlanish darajasi u yerda shakllangan taʼlim tizimi qatori huquqiy ong va madaniyat darajasiga bogʻliq. Zero, bu jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri sanaladi.

Tabiiyki, mazkur mezonlarni samarali hayotga tatbiq etishda yuridik taʼlimning ahamiyati beqiyos. Maʼlumki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Bu yoʻlda zarur huquqiy-tashkiliy va institutsional baza takomillashtirildi, zamon talablariga moslashtirilib borilmoqda.

Bu borada eng avvalo, huquqiy taʼlim va tarbiya borasidagi ishlarni tizimli va uzviy yoʻlga qoʻyishga katta eʼtibor qaratildi. Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga doir vazifalar umumiy tusdan ixtisoslashtirilgan va chuqurlashtirilgan tamoyillarga izchil oʻtkazilmoqda.

Xususan, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishda shaxsiy manfaatlar hamda jamiyat manfaatlari oʻrtasidagi muvozanatni saqlash pirovard maqsad etib belgilab olindi. Binobarin, ushbu gʻoyani amalga oshirishda yuridik taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga innovatsion usullar, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini keng tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz tomonidan soʻnggi yillarda qabul qilingan farmon va qarorlar mazkur tizim qiyofasini mutlaqo yangilash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 2019-yil 9-yanvardagi “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi, 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlar, 2017-yil 8-fevraldagi “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror shular jumlasidandir.

Ixtisoslashtirilgan filial — taʼlim sifatini oshirish uchun yangi qadam

Xususan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-yanvardagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida​”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi. Bundan koʻzlangan maqsad esa poytaxt va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yana-da oshirishga qaratilgani bilan dolzarbdir.

Taʼlim muassasasi zimmasiga quyidagi masʼuliyati vazifalar yuklangan:

— yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni taʼminlashga qaratilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash;

— nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan zamonaviy shakl va usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda oʻquv jarayonini taʼlim berishning modul tizimi asosida tashkil etish;

— taʼlim oluvchilarning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimini yaratish;

— taʼlim oluvchilarning aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va oʻzaro hamkorlik qilish koʻnikmalarini takomillashtirish;

— huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatini uslubiy va konsultativ taʼminlash;

— yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardagi muassasalar bilan oʻzaro samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish.  

Pandemiya sharoitiga qaramay mazkur ustuvor yoʻnalishlarni samarali bajarishga taʼlim dargohimiz jamoasi bor bilim va salohiyatini safarbar etgan.

Viloyatlardagi fakultetlar hududlar salohiyatini oshiradi

Yuridik kadrlarni tayyorlash uchun nafaqat markazda, balki viloyatlarda ham sharoitlar yaratilayotgani quvonarli hol. Bunga davlat rahbarining «Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» Farmoni asosida barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Xususan, unga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash boʻyicha bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi. Ayni chogʻda Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etish va “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar boʻyicha qabul, shu jumladan tabaqalashtirilgan toʻlov kontrakt asosida qoʻshimcha qabul amalga oshirish koʻrsatib oʻtildi.

Bular esa zamonaviy talablar, ilgʻor xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni taʼminlash salohiyatini yana-da oshiradi.

Texnikumlar — yaqin koʻmakchilar

Oʻz navbatida soha uchun kadrlar yetkazib berishda respublikamizning barcha hududlarida tashkil etilgan yuridik texnikumlar ham muhim rol oʻynamoqda. Zero, mazkur maskanlarda nafaqat davlat huquqiy faoliyat, yuridik xizmat hamda sud-huquqiy faoliyat mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlanadi, balki kelgusi bosqich mutaxassislari uchun tayanch yaratilyapti.

Xabaringiz bor, yuridik texnikumlariga umumiy oʻrta taʼlim (11-sinfni) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirganlar hujjat topshirishi mumkin. Aynan shu bosqichda yoshlarda kelajak uchun qatʼiy rejalar shakllangan boʻladi.

Texnikumlarda nomutaxassislik fanlar soni qisqartirilib, oʻquv jarayoni kredit-modul tizimini qoʻllagan holda tashkil qilindi. Bu esa yoshlarni boshqa tashvishlarga chalgʻimay, oʻz sohasini zamonaviy pedtexnologiyalar asosida chuqur oʻrganishlariga zamin yaratadi.

Yuristlar malakasini oshirish — doimiy eʼtiborda

Maʼlumki, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda dunyo tajribasini uygʻunlashtirgan holda butun umr davomida bilim olish huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi. Bu yuridik taʼlimga ham taalluqlidir. Binobarin, yurtimizda soha mutaxassislarining kasbiy mahoratini oshirib borishlari uchun qatʼiy talab shakllantirilgan. Xususan, hukumatning tegishli qaroriga muvofiq Yuristlar malakasini oshirish markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda hududiy filiallari tashkil etildi.

Ularda kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqib kadrlar buyurtmachilari va xodimlarga malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil etishda ayni muddaodir. Oʻz navbatida malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona maʼlumotlar bazasi – elektron platforma ishlab chiqish, malaka oshirish kursi bitiruvchilariga elektron sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish maqsadida «Elektron sertifikatlar repozitoriysi» tizimi va dasturiy taʼminoti yaratish boʻyicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Qisqasi, jamiyatimizning barcha jabhalari qatori yuridik taʼlim tizimi ham yangilanmoqda. Sohaga eng soʻnggi taʼlim va innovatsion texnologiyalar, kredit-modul tizimi, xorij tillarini oʻrgatish metodlari tatbiq etilyapti. Bu esa bugungi keskin raqobat muhitida intellektual jihatdan yetuk, oʻz huquqini chuqur biladigan va boshqalarga ham buni yetkaza oladigan kadrlarni yetkazib berishda ayni muddaodir. Zero, davlat rahbari parlamentga yoʻllagan murojaatnomasida taʼkidlab oʻtganidek, "...biz Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-maʼrifat va innovatsiya bilan erisha olamiz.

Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi boʻlib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur”.

Bizning Ixtisoslashtirilgan markaz ham ana shu tamoyilni pirovard maqsadi deb bilib, ushbu masʼuliyatli va ezgu yoʻldagi amaliy izlanishlardan aslo toʻxtamaydi.

Moxira Eshanova,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Umumtaʼlim fanlar kafedrasi katta oʻ
qituvchisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер