Saxalin orolidan tortib MDHdagi oʻnlab shaharlargacha...
Foto: Xalq so‘zi
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani Kaprin qishlogʻida yashovchi faxriy oʻqituvchi Saydulla Qoraboyevning shaxsiy kutubxonasi gʻoyatda boy. Bugungi kunda bu yerdagi kitoblar soni 10 mingdan oshib ketgan.
Saydulla Qoraboyevning aytishicha, u kitob toʻplashni 5 yoshidan boshlagan ekan.
Oʻshanda otam meni tuman markazidagi kitob doʻkoniga olib borib, «Bilmasvoy va doʻstlarining boshdan kechirganlari»ni olib bergandi, - deydi u. – Oʻshandagi quvonchimni hozir ham soʻz bilan taʼriflab bera olmayman. Shu-shu, kitobga mehrim tushgan. Bugunga qadar oʻzimga maʼqul boʻlgan biror kitob haqida eshitib qolsam, darrov uni izlab yoʻlga tushaman. Bu kitob sotilayotgan doʻkon Qarshida boʻladimi, Buxoro yoki Toshkentdami, menga farqi yoʻq. Uni olib kelib oʻqib chiqmasam, orom topmayman
Saydulla Qoraboyev oʻz vaqtida kitob qidirib Saxalin orolidan tortib MDHdagi oʻnlab shaharlarni kezib chiqqan. Shaxsiy kutubxonasidagi har bitta kitobning qayerdan va qanday olib kelingani oʻzi bir tarix.
Besh-olti yil avval Qarshi shahridagi kitob doʻkonlarining birida Mahmud Qoshgʻariyning «Devoni lugʻatit turk» asarini koʻrib qoldim, - deydi u. – Bu men izlayotgan kitob edi. Afsuski, sotib olishga pulim yetmadi. Sotuvchiga “Pulini ertaga keltirib beraman, qarzga ber”, deb koʻp yolvordim, rozi boʻlmadi. Ertaga olib ketay desam, atigi bir nusxa ekan. Sotilib ketishi mumkin edi. Juda qiyin ahvolda qoldim. Oxiri sotuvchiga bildirmay kitobni javondagi kitoblarning orqasiga yashirib qoʻydim. Ertasi kuni uydan pul olib kelsam, kitob men qoʻygan joyda yoʻq. Butun vujudim muzlab ketdi. Shoshib boshqa kitoblar ortini ham qidira boshladim. Hayriyat, u javon pastiga tushib ketgan ekan...
Bugun Saydulla Qoraboyevning shaxsiy kutubxonasi qishloq yoshlarining ham sevimli maskaniga aylangan. Ular turli kitoblarni soʻrab kelishadi, gohida shu yerda mutolaa bilan mashgʻul boʻladilar. Faxriy oʻqituvchi esa kitobsevar yoshlarga yana yangi-yangi kitoblarni tavsiya qilish, ularni kitobxonlikka ragʻbatlantirishdan sira erinmaydi.
Eʼtiborli jihati, yaqinda Saydulla Qoraboyevning shaxsiy kutubxonasi yanada boyidi. U Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tomonidan eʼlon qilingan “Eng yaxshi shaxsiy kutubxona” tanlovida ishtirok etib, gʻolib boʻlgan edi.
Markazning viloyat boʻlimi masʼullari faxriy yashaydigan xonadonda boʻlib, Saydulla Qoraboyevga diplom va sovringa qoʻyilgan kitoblar toʻplamini topshirishdi.
Xullas, yoʻlingiz tushsa, Saydulla akaning xonadoniga ham birrov kirib oʻtishni unutmang. Saydulla akadan javonlarga terib qoʻyilgan har kitob tarixini tinglab, yayraysiz. Bu insondagi kitobga mehr, samimiyat sizning qalbingizga ham yorugʻ tuygʻular olib kiradi.
Jahongir BOYMURODOV.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring