Saylovchilar bilan yuzma-yuz muloqot

10:05 06 May 2022 Jamiyat
562 0

Foto: Халқ сўзи

Samarqand viloyat boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi OzLiDeP fraksiyasi aʼzosi, quyi palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻmita raisi Erkin Salixov ishtirokida “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi muhokamasi hamda Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritasi” mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

OzLiDeP viloyat Kengashi xodimlari, Samarqand viloyat boʻyicha Milliy gvardiya boshqarmasi rahbariyati va harbiy xizmatchilar qatnashgan tadbirda yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi. Qonunchilik palatasi deputati E. Salixov Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻmita tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, hozirga qadar qoʻmitaning qonun ijodkorligi faoliyati yoʻnalishida 41 ta qonun loyihasi deputatlar muhokamasiga kiritilgan boʻlib, shulardan 37 tasi qabul qilingan. “Qoʻriqlash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ham shular jumlasidandir.

Tadbirda ushbu qonun loyihasida belgilab berilgan vazifalar birma-bir tushuntirib oʻtildi. Uni yanada takomillashtirish maqsadida ishtirokchilarining taklif-mulohazalari tinglandi.

Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻmita raisi Erkin Salixov, shuningdek, Samarqand shahridagi 69-maktabda ham boʻlib, saylovchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda deputat saylovchilarga faoliyati toʻgʻrisida axborot berdi. Saylovchilar ham oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan deputatga murojaat qildi.

Xususan, “Obirahmat” mahallasi faollari tomonidan elektr simyogʻochlarning foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolganligi, zamonaviy beton simyogʻochlarga almashtirish masalasi bir necha yillardan buyon muammo sifatida koʻtarilayotganligi, biroq masala mutasaddi rahbarlar tomonidan ijobiy hal etilmayotganligi aytildi. Shuningdek, saylovchilar Samarqand shahridagi 60-maktabning sport zali yoʻqligi, 69-maktab esa 1974-yilda qurilgan boʻlib, biror marta kapital taʼmirlanmaganligini qayd etib, bu borada deputatdan amaliy yordam soʻradi.

Saylovchilar tomonidan koʻtarilgan barcha muammolar yuzasidan tegishli vazirliklarga deputatlik soʻrovi yuboriladigan boʻldi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер