Sahroda oʻrmonzorlar barpo etilmoqda

18:41 14 Fevral 2023 Jamiyat
662 0

Foto: Xalq so‘zi

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, saksovul unib chiqqanidan soʻng 6-7 yil oʻtgach, urugʻlay boshlaydi. Agar tanasiga bolta tegmasa, 50-60 yil yashaydi. Bu haqida bejiz toʻxtalmadik. “Sahro sultoni” deya taʼrif berilguvchi bu butadan oʻtin sifatida foydalanishni koʻzlaganlar oz emas. Vaholanki, uning bargi qoʻy va tuyalar uchun toʻyimli ozuqa sanaladi. Muhimi, saksovul tuproqni eroziyadan saqlab, shamollar, binobarin, chang - toʻzonlar yoʻliga toʻsiq boʻladi.

Buxoro viloyat oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasi aynan shu maqsadda saksovul va boshqa choʻl oʻsimliklaridan sahrolarda oʻrmonzorlar barpo etyapti. Tarkibida 9 ta oʻrmon xoʻjaligi boʻlgan boshqarma jamoasi uchun ayni kunlar qizgʻin kechmoqda. Jondor va Shofirkon tumanlarining kimsasiz choʻl hududidan 40 ming gektar yer tanlanib, “yashil qoplama” hosil qilinmoqda. Bu yumushlar Buxoro viloyat hokimining “Yashil qoplamalar” barpo qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. Bu ishga boshqarmaning 30 dan ziyod texnikasi, 100 dan oshiq ishchisi jalb etilgan.Sahroda yashab ishlayotgan mutaxassis va ishchilar uchun zarur sharoitlar muhayyo qilingan.

Urugʻlik, yonilgʻi-moylash materiallari taʼminoti nazoratga olingan. Saksovul, yulgʻin, qandim, cherkez kabi shoʻrxok yerda yaxshi oʻsuvchi choʻl oʻsimliklari urugʻi zaxirasi yaratilgan. Yangi oʻrmonzor va toʻqayzorlar ekologiyani moʻtadil saqlash, odamlar salomatligini muhofaza etishga xizmat qilishi, bu yumush uchun davlat tomonidan katta mablagʻlar ajratilayotgani inobatga olinsa, ularni asrab-avaylashga oʻzini shu yurt farzandiman, deb bilgan har bir kishi masʼul, albatta.

Maʼlumotlarga qaraganda, Buxoro viloyati choʻllarida 2022-2026-yillar davomida umumiy maydoni 200 ming gektarni tashkil etuvchi “yashil qoplama” yaratiladi.

Istam IBROHIMOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер