“Rostgoʻy”da birlamchi tibbiy muassasa ochildi

17:48 06 Fevral 2023 Jamiyat
633 0

Foto: Xalq so‘zi

2017-yilda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan optimallashtirish ortidan Buxoroda ayrim tibbiy punktlar faoliyati toʻxtatilgandi. Gʻijduvon tumanidagi Rostgoʻy, Baqollar, Qoʻrgʻon, Qumrabot, Yangirabot qishloqlari aholisiga xizmat koʻrsatgan tibbiyot punktini ham ular qatorida koʻrish mumkin edi.

Lekin hayotning yozilmagan qonunlari bor. Oradan oʻtgan yillar 6 ming nafardan ziyod kishi istiqomat qilayotgan bu hududda tibbiy maskan zarurligini koʻrsatdi – qoʻydi. Natijada masʼullar ushbu hududda 69 – sonli oilaviy poliklinikaning “Rostgoʻy” filialini ochish fikriga keldilar. Shu maqsadda hududdagi bundan chamasi 40 yilcha muqaddam qurilgan binoda mukammal taʼmirlash ishlari olib borildi.

Loyihani roʻyobga chiqarish uchun bir milliard 40 million soʻm mablagʻ sarflandi. Bino zamonaviy qiyofa kasb etdi. Maskan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qiladigan zarur jihozlarga ham ega boʻldi.

Filial faoliyatini namunali yoʻlga qoʻyish esa kadrlarga bogʻliq. Shu maqsadda birlamchi tibbiy muassasaga malakali shifokor va oʻrta maxsus tibbiyot xodimlari jalb qilindi. Maskan qoshida tez tibbiy yordam shoxobchasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi. Bir soʻz bilan aytganda, “Rostgoʻy” mahalla fuqarolar yigʻini aholisining bir tashvishi yengillashdi.

Istam IBROHIMOV,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер