Romitanda ish boshlagan yangi loyiha nimasi bilan jozibador?
Romitan tumanidagi “Buxara karakul islam” masʼuliyati cheklangan jamiyati qorakoʻl terisi va uning chiqimlaridan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan biznes loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 6,1 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha roʻyobiga Innovatsion rivojlanish agentligi salmoqli moliyaviy hissa qoʻshdi.
Tashabbuskorlarning taʼkidlashlaricha, oʻz vaqtida kimyoviy ishlov berilmagani yoki ehtiyotsizlik oqibatida qorakoʻl terisiga kuya tushadi.Hasharot terining oqsil yogʻ qismini u yoki bu darajada yeb, xom ashyo sifatiga ziyon yetkazadi.Terini tuzlash jarayonida yoʻl qoʻyilgan xatolar ham unda koʻzga koʻrinmas nuqsonlar keltirib chiqaradi. Shu tufayli bunday mahsulotga xaridor topilmaydi. Oqibatda zahmatli mehnat mahsuli sanalgan xom ashyo qayta ishlanmay chiqitga chiqariladi. Vaholanki, izlanishlar shuni koʻrsatmoqdaki, zamonaviy kompyuter texnologiyalari vositasida bunday terilarni ham sifatli xom ashyo holatiga keltirish mumkin. Loyiha mana shunisi bilan jozibador va qimmatlidir.
Ayni paytda korxonada 20 nafardan ziyod ishchi – mutaxassisning bandligi taʼminlanib, innovatsion texnologiya asosida ayollar va erkaklar bosh kiyimi, poʻstin va kamzullar ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda pirovardida yiliga 50 ming dona qorakoʻl terini qayta ishlash quvvati yaratiladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring