Rishton tumani hokimligi delegatsiyasi Xitoyga boradi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumani hokimligida Xitoyning Guanchjou shahrida joylashgan mamlakatimiz konsulligi vakillari bilan onlayn muloqot tashkil etildi.
Unda Rishton tumanida keyingi yillarda tadbirkorlik, xususan, kulolchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, yaqin istiqbolda koʻzda tutilayotgan loyihalar xususida maʼlumot berildi. Bu borada ushbu yurtda chinni buyumlarga talab va ehtiyoj yuqori ekanligini inobatga olib, aynan, kulolchilik yoʻnalishida yangi biznes-rejalarni hayotga tatbiq etish maqsadga muvofiq boʻlishi taʼkidlandi.
— Muloqotda joriy yilda tuman hokimligi va tadbirkorlardan iborat delegatsiyasining Xitoy shaharlariga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi, — deydi Rishton tumani hokimi Bahodirjon Xoliqov. — Xitoyning Shanxay, Foshan va Guanchjou shaharlarida yirik kompaniyalar, tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan tanishish hamda hamkorlik kelishuvlariga erishish maqsad qilingan.
Aytish joiz, bugungi kunda Rishton tumani hokimligi tomonidan Yaponiya, Italiya, Turkiya, AQSH, Ozarbayjon kabi davlatlarning aynan, kulolchilikka ixtisoslashgan shaharlari bilan ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yuzasidan doʻstona aloqalar yoʻlga qoʻyilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring