Rishton kulolchiligi bizni hayratlar olamiga yetakladi – Rajesh Sharma

18:15 23 Noyabr 2023 Jamiyat
289 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Rishton kulolchiligi keyingi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida sayyohlarni jalb etadigan noyob sanʼat durdonasi va xalqimizning oʻziga xos hunarmandchilik namunasi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Turizmni rivojlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida Rishton tumani joriy yildan Xalqaro hunarmandchilik forumini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Kulolchilikni jahon miqyosida rivojlantirish maqsadida Yaponiya, Italiya, Turkiya, AQSH, Hindiston, MDH davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik kelishuvlariga erishildi. Istiqbolli hamkorlik kelishuvlari har yili sifat va salmoq jihatdan yuksalib borayotgani eʼtiborga sazovordir.

Shu kunlarda tumandagi “Mingboshi keramik” kulolchilik klasteri muzeyiga tashrif buyurgan hindistonlik sayyohlar ham Rishton kulolchiligining betakror namunalaridan bahramand boʻlib, oʻz hayrat va hayajonlarini izhor etishdi.

— Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish maqsadida Buxoro va Samarqand shaharlarida boʻldim, — deydi hindistonlik Rajesh Sharma. — Gapning ochigʻi, Rishton hunarmandchiligi bir koʻrishdayoq meni oʻziga mahliyo etdi. Bizni hamma joyda samimiy kutib olishdi. Bu yerdagi mehmondoʻstlik, mehr-oqibatni koʻrib havas qildim.

Rishton kulolchiligi haqida koʻp eshitgandim. Taassurotlarim men kutgandan ham aʼlo. Kulolchilik asarlari meni sehrlab qoʻydi. Goʻyoki ertaklar mamlakatiga kelib qolgandek boʻldim.

Yurtingiz kulolchiligi biznikidan ancha ilgarilab ketibdi. Naqshlar jilosi ham oʻzgacha. Bu jarayonlar katta mehnat talab qiladi. Kulollar yaratayotgan ertaknamo mahsulotlardan bahri dilingiz yayraydi. Hind kulolchiligi uchun oʻrgansa arziydigan jihatlar koʻp ekan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер