Respublika ishchi guruhi aʼzolari samarqandlik yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazmoqda

18:56 15 Sentyabr 2023 Jamiyat
701 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oliy sud raisi oʻrinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirliklari vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi aʼzolari Samarqand viloyatidagi tuman va shaharlardagi aholi vakillari bilan uchrashib, ochiq muloqotlar oʻtkazishmoqda.

Jumladan, Urgut va Tayloq tumanlarida ishchi guruh aʼzolari har bir mahalladagi fuqarolar bilan jinoyatchilikning oldini olish borasidagi fikr va mulohazalarini tingladi. Shuningdek, jinoyatlar soni oshgan mahallalardagi uchrashuvlarda tuman va shahar sudlari sudyalari tomonidan sayyor sudlar oʻtkazildi. Tadbirlarda ilm olish va sportda yutuqlarga erishgan faol yoshlar ham ishtirok etdi. Shuningdek, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar va tarbiyasi ogʻir yoshlar bilan ham profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Bu ikki toifa yoshlarning yonma-yon oʻtirib, davra suhbatlarida ishtirok etishi katta tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻldi. Huquqiy tarbiyani yoʻlga qoʻyishning samarali mexanizmlarini yaratish boʻyicha tarbiyasi ogʻir yoshlarning har toʻrttasiga bittadan taniqli sportchilar biriktirildi.

Oʻtkazilgan davra suhbatlari davomida fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha murojaatlari ham koʻrib chiqildi.

Aholi oʻrtasida, jinoyatchilikning oldini olish, huquqiy tarbiyani yoʻlga qoʻyishning samarali mexanizmini yaratish yuzasidan olib borilayotgan targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер