Raqamli iqtisodiyotni xohlar ekanmiz, energiya resurslariga munosabatni oʻzgartirishimiz zarur
XXI asrda yashayotgan inson qulogʻiga “Sanoat 4.0 inqilobi”, “bulutli hisoblash”, «blokcheyn», 3D-printerlar, robotlashtirish, “buyumlar interneti”, “sanoat interneti” kabi atamalar tez-tez chalinib turishi tabiiy hol, albatta. Bunday yangi atama va tendensiyalar qatorini yana-da kengaytirish mumkin.
Yana bir quvonarli jihat — “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining qabul qilinganligidir. Mazkur strategiya mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni qamrab oladi. Xususan, raqamli iqtisodiyot uchun zaruriy infratuzilma yaratish, malakali kadrlar tayyorlashga yetarlicha eʼtibor mavjud. Biroq raqamli iqtisodiyot oʻz navbatida sezilarli darajada yuqori energiyani talab etadi.
Soʻnggi paytlarda respublikamiz energiya taʼminotidagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda keskin munozaralarga sabab boʻlib, pirovardida aholining norozilik kayfiyati namoyon boʻlmoqda. Avtomobil yoʻllarini toʻsib qoʻyish, koʻchalarda mashina shinalarini yoqib yuborish kabi holatlar ham qish mavsumida aholi kayfiyatining qay darajada ekanligini koʻrsatib turibdi.
Bu esa mamlakatimiz energetika sektori va umuman energetika taʼminoti borasidagi muammolar oʻta jiddiy ekanligidan dalolat beradi. Hududlarni barqaror rivojlantirishni koʻzlar ekanmiz, energiya taʼminoti tizimidagi muammolarni bartaraf etmasdan turib, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni oʻylamasak ham boʻladi. Zero, xorijiy investor energiya taʼminoti barqaror boʻlmagan hududda xorijiy kapital ishtirokidagi korxona tashkil qilishni hayoliga ham keltirmasligi muqarrar.
Maʼlumki, Oʻzbekiston birlamchi energiya taklifi boʻyicha Yevroosiyo mintaqasida muhim pozitsiyasini egallaydi. Masalan, 2018-yil yakunida Yevroosiyo mintaqasi umumiy birlamchi energiya taklifida (total primary energy supply) Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning ulushi, mos ravishda, 81 %, 8 % va 5 %ni tashkil etgan. Ayni paytda, Oʻzbekiston birlamchi energiya taklifining qariyb 85 %i tabiiy gaz hissasiga toʻgʻri keladi. Taqqoslash uchun: Turkmanistonning birlamchi energiya taklifida tabiiy gaz ulushi 77,2 %ni tashkil etgan.
Ayni paytda energiya sarfi va undan samarali foydalanish boʻyicha holatni tanqidiy baholash muhim. Oʻzbekiston xarid quvvati pariteti boʻyicha hisoblangan YAIMning bir birligiga nisbatan energiyadan foydalanish intensivligi boʻyicha reytingda energiyadan meʼyordan ortiq foydalanuvchilarning dastlabki 10 taligiga (9-oʻrin) kiradi. Mazkur oʻntalikda Ukraina, Rossiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning ham mavjudligi energiya samaradorligini oshirish muammosi MDH mintaqasiga ham tegishli ekanligidan dalolat beradi.
Xulosa qilganda, raqamli iqtisodiyot, xususan,blokcheyn texnologiyalarini faol joriy etish iqtisodiy taraqqiyotning energiya resurslariga bogʻliqligini yana-da oshiradi. Raqamli iqtisodiyot taraqqiyotga erishishning eng muhim omili va garovi ekan, energiyadan foydalanish samaradorligini oshirish, energiyaga nisbatan oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish davr taqozosiga aylanadi. Shu boisdan, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish boʻyicha boshlangan raqobat va yangi chaqiriqlarga zarur resurslarni safarbar etish orqali oʻz vaqtida javob berishimiz, pirovardida esa jahon maydonidagi oʻrnimizni mustahkamlashimiz zarur.
Elmurod Hoshimov,
iqtisod fanlari nomzodi, dotsent
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring