Ramazon hayiti arafasida Toyloqda 7 ta MFYning yangi binolari foydalanishga topshirildi
Foto: «Xalq so‘zi»
So‘nggi yillarda Samarqand viloyatida mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurish va moddiy texnik ba’zasini mustahkamlash, shu orqali bu yerda ishlaydiganlar uchun yetarlicha shart-sharoit yaratishga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yil davomida viloyatda 200 dan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yangi binolar qurib, foylanishga topshirildi. 254 ta mahalla kompyuter texnikasi va 159 ta mahalla mebel jihozlari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, “Mahalla” xayriya jamoat fondi hisobidan 61 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga kompyuter, 47 ta mahallani mebel jihozlari bilan ta’minlash uchun 465 million so‘m pul mablag‘lari ajratildi.
1 126 ta mahallalarning barchasi internet tarmog‘iga ulandi. Bundan tashqari, “Open byudjet” portali doirasida 20 ta mahalla binolari loyihasi g‘olib deb topilib, qo‘shimcha qurilish ishlari olib borildi.
Xususan, o‘tgan 2022 yilda “Tashabbusli byudjet” elektron platformasi orqali Toyloq tumanida g‘olib deb topilgan 7 ta mahalla binolari uchun jami 2,84 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Mazkur mablag‘ evaziga tumandagi Sochak, Qo‘shchinor, Beklar, Nurafshon, Xo‘jaqishloq, Yangi hayot va O‘zbekiston mahalla fuqarolar yig‘inlarining binolari yangidan qurilib, mahalla faollari uchun munosib sharoit yaratib berildi.
Kuni kecha mazkur mahallalar binoslarining ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov va tuman hokimi B. Bobonazarovlar hamda mahalla faollari ishtirok etib, binoda samarali ishlash uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchi va uchastka inspektorlarining ish faoliyati bilan tanishdi.
Tadbirda so‘z olganlar mahalla ahlini hayit ayyomi, qolaversa, mahallaning yangi binosi bilan qutlab, mahalla yosh avlodni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, yoshlar orasida milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni targ‘ib etish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oila mustahkamligini ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Qayd etiganidek, ramazon hayiti arafasida ochilgan ushbu mahalla binolari aholiga chinakam bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring