Urganchda 3 ming dona zotdor quyonlar boqilmoqda. Kelgusida yiliga 1,2 ming tonna quyon go‘shti eksport qilinadi
Xorazmlik tadbirkorlar xorijdan naslli quyon zotlarini olib kelib, mahalliylashtirish hamda ularni sanoat usulida ko‘paytirishmoqda.
“Xalq so‘zi” gazetasining ushbu viloyat muxbiri Odilbek Odamboyevning xabar berishicha, Urganch tumani Chotko‘pir qishlog‘idagi MCHJ shaklidagi “Xorazm quyon savdo” agrofirmasi ana shu yo‘nalishda tashkil etilgan zamonaviy korxonalardan biridir. Ayni paytda bu yerda “Yangi Zelandiya” zotiga mansub 3 ming bosh quyon parvarishlanmoqda.
“Agrofirma o‘tgan yili 170 million so‘mlik bank krediti hisobiga Italiyadan 114 dona zotdor quyon va Yevropa texnologiyasi asosida Toshkentda ishlab chiqarilgan panjarasimon kataklar olib kelingan edi. Ushbu zotga mansub ona quyon bir yilda 7-9 marta bolalaydi hamda har safar 14-16 ta quyonchalarni dunyoga keltiradi. Bir dona ona quyondan yiliga o‘rtacha 90-100 dona quyon bolasi olish mumkin. Yosh quyonchalar kuniga 50 grammdan vazn to‘plab, qariyb 80 kunda 3,5 kilogrammgacha semiradi. Uch oy mobaynida quyonlarning tirik vazni 3,5-4 kilogrammga yetadi hamda 56 foiz, aniqroq aytganda, 1,6-1,7 kilogramm sof go‘sht beradi” , — deydi agrofirma rahbari Bobojon Boboyev.
Quyon go‘shti parhezbop mahsulotlar sirasiga kiradi. Uning tarkibi 90 foiz oqsillardan iborat bo‘lib, yumshoqligi, yog‘ hamda xolesterin moddasining kamligi uchun tibbiyotda ham keng qo‘llaniladi. Uning juni — momig‘i esa issiqni saqlash xususiyatiga ko‘ra, qo‘y junidan bir necha barobar ustun turadi. Quyon terisidan oyoq kiyimlar, sumkalar, qo‘lqop va boshqa mahsulotlar tayyorlashda foydalaniladi.
Agrofirma mutaxassisi Alisher Otajonovning ma’lum qilishicha, Fransiyadan 9 ming dona “X+” zotli quyonlarni olib kelinadi. Mazkur loyiha dudlangan, konservalangan hamda muzlatib qadoqlangan holda, yiliga 1 ming 200 tonna quyon go‘shtini eksport qilish imkonini beradi.
Buning uchun bir gektar maydonda 44 ming bosh quyon boqishga mo‘ljallangan, zamonaviy texnologiya bilan jihozlangan ferma binosini qurish rejalashtirilgan. Yangi loyihaning amalga oshirilishi natijasida qo‘shimcha 24 ta ish o‘rni yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring