Quvada Italiya, Afgʻonistondan olib kelingan oq donali va danaksiz anor navlari mahalliylashtirilyapti

10:57 19 Fevral 2026 Jamiyat
264 0

Ayni paytda Quva tumanida 10 ga yaqin MFYlar anor yetishtirishga ixtisoslashgan boʻlib, qariyb 15 ming xonadon aʼzolari ushbu yumush bilan shugʻullanadi. Fargʻona viloyatida anor yetishtirish borasida mazkur tumanning ulushi 60 foiz ekanligi quvaliklarning mazkur yoʻnalishdagi katta hayotiy tajribasidan dalolat beradi.

Bugungi kunda Quva tumanida 4600 gektar maydonda anor bogʻlari mavjud. Oʻtgan yil yakuniga koʻra, tumanda 50 ming tonnaga yaqin anor hosili yetishtirildi hamda uning 25 ming tonnasi eksportga yoʻnaltirildi. Quva anori Koreya Respublikasi, Xitoy, Yevropa davlatlari va AQSH bozorlari hamda yirik savdo tarmoqlarida allaqachon xaridorgir mahsulotga aylangan.

Tabiiy darmondorilarga boyligi, shirin taʼmi va uzoq muddat sifatli saqlanishi kabi xususiyatlari tufayli Quva anorining jahon bozorida raqobatbardoshligi oshib bormoqda.

Tumandagi “Soykeldi” MFYda aholi xonadonlarida 310 gektar yer maydonida anor parvarishlanadi. Mahalla ahli asosan anorni qish-bahor mavsumi uchun tabiiy usulda saqlash mahorati bilan tanilgan. Shu kunlarda hududdagi 22 ta eksportyor korxonalar tomonidan anorchilar mahallasidan sifatli saqlanayotgan mahsulotlar eksportga joʻnatilyapti.

—Keyingi yillarda eksport geografiyasi anʼanaviy bozorlardan tashqari, Singapur, Malayziya, Tailand, AQSH singari mamlakatlar hisobiga kengaydi,—deydi “Soykeldi” MFY raisi Gʻayratjon Abdurahmonov.—Mahsulot kimyoviy vositalarsiz, maxsus omborlarga joylashtirilmagan holda xonadonda tabiiy usulda saqlanayotgani xarajatni qisqartirish va daromadni karrasiga oshirish imkonini berayotir. Hozirda 1 kg anor oʻrtacha 25-30 ming soʻm ekanligi, bitta xonadonda har yili 20 tonnagacha hosil yetishtirilishi inobatga olinsa, mirishkor oilalarning mazkur tarmoqdan topayotgan yillik daromadi 450-500 million soʻmgacha yetadi.

Quvonarlisi, mahallada yangicha yondashuvlar asosida hayotiy tajribalar ilm-fan yutuqlari, ilgʻor agrotexnologiyalar yordamida jadal rivojlanyapti. Soykeldilik ilgʻor tomorqachilar soʻnggi yillarda Italiya, Afgʻonistondan olib kelingan oq donali, danaksiz anor navlarini mahalliylashtirishga muvaffaq boʻlishmoqda. Yangi navlar sifatli saqlash mumkinligi, uzoq masofaga tashishga yaroqli va eksportbop ekanligi bilan eʼtiborga molik.

Aytish joiz, bugun aholi xonadonlarida “Tuya tish”, “Qora dona”, “Qayum”, “Qizil poʻchoq”, “Nordon anor” singari oʻnlab navlar parvarishlanadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер