Quva va Rishton tumanida mahalla yoshlari uchun zamonaviy sport majmualari foydalanishga topshirildi
Quva tumanidagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududida davlat-xususiy sheriklik asosida qurib bitkazilgan zamonaviy suzish havzasi suzish sporti ishqibozlari uchun oʻz quchogʻini ochdi.
Tadbirkor Abrorjon Toshtemirov tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida mahalla ahli, xususan, yoshlar uchun jahon andozalari darajasida qulay sharoit yaratildi. Yangi loyiha hududda sport infratuzilmasini yanada yaxshilash, yangi avlodni suzish sportiga keng jalb etish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etishda muhim ahamiyatga ega.
Shu tariqa 800 million soʻmlik loyiha doirasida sportchilar uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish bilan birga, 10 ga yaqin yangi ish oʻrinlari tashkil etildi hamda sport xizmatlari koʻrsatish imkoniyati kengaydi.
— Birgina joriy yilning oʻzida bir necha shahar-tumanlarda ana shu kabi muhtasham inshootlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan, — deydi Fargʻona viloyati sport boshqarmasi boshligʻi Nodirbek Hakimov. — Bu boradagi izchil saʼy-harakatlar doirasida kuni kecha Rishton tumanida jahon andozalari boʻyicha faoliyat olib boruvchi yana bir sport majmuasi ish boshladi.
Ezgu maqsad ijobati uchun respublika byudjeti hisobidan 6,5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Endilikda bu yerda rishtonlik oʻgʻil-qizlar futbol, voleybol, basketbol kabi ommaviy sport turlari bilan muntazam shugʻullanish imkoniga ega boʻldilar.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirlarda ramziy tasma qirqilib, mamlakatimizda oʻziga xos “kichik Olimpiada” sifatida eʼtirof etiluvchi “Besh tashabbus olimpiadasi”da faol ishtirok etib kelayotgan mahalla faollariga Fargʻona viloyati hokimligining tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring