Quyi palata deputatlari – saylovchilari huzurida

11:50 06 Yanvar 2023 Jamiyat
957 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi OʼzLiDeP fraksiyasi deputatlari Navroʻz Rizayev va Gʻayrat Abdiyevning Urgut tumanida saylovchilar bilan uchrashuvlari qizgʻin muloqotlar va saylovchilarning faolligi ostida oʻtmoqda.

Tuman hokimligi, mahallalar faollari va oʻqituvchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda deputatlar dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan gʻoya va tashabbuslar haqida soʻz yuritdilar.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-dekabrda qabul qilingan “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning ahamiyati, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida erishilgan ijobiy natijalar, taʼlim va ilm-fan sohasida qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarga alohida urgʻu berildi. Muloqotlarda “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida aks etgan yangi normalar ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Mazkur uchrashuvlar davomida tumandagi qator mahallalar va aholi xonadonlarida boʻlgan xalq vakillari odamlarning yashash sharoiti, ularni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi. Keltirilgan muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda yechim izlandi.

Jumladan, “Dehqonobod” MFY hududidagi 37-umumtaʼlim maktabida binoni isitish bilan bogʻliq masala oʻrganildi. Mazkur muammo tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan hal etiladigan boʻldi.

“Tersak” MFY fuqarolarining transformatordagi nosozlik bilan bogʻliq murojaati ham deputat N. Rizayev tomonidan mutaxassislar bilan birgalikda joyiga chiqib oʻrganildi. Transformatordagi nosozlik tuman elektr tarmoqlari xodimlari tomonidan shu paytning oʻzida bartaraf etildi. «Xoʻjayduq» MFYda ham transformator yetishmasligi bilan bogʻliq muammo boʻyicha “Hududiy elektr tarmoqlari” viloyat boshqarmasiga deputat soʻrovi yuborildi.

Saylovchilar bilan muloqot Urgutning eng chekka, togʻli hududlari boʻlgan Qoʻzichi, Yettisoy, Uzunsoy va Ayriqiya mahallalarida davom etdi. Odamlar yoʻl, koʻprik, ichimlik suvi, suyultirilgan gazni oʻz vaqtida yetkazish bilan bogʻliq zarur ijtimoiy masalalarni oʻrtaga tashlashdi. Togʻ va ekoturizmni rivojlantirish uchun juda qulay boʻlgan mazkur hududda bu yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish, yoʻlsozlikdagi muammolarga mahalliy ijro hokimiyati alohida eʼtibor qaratishi maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.

Quyi palata deputatlarining joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер