Qozogʻistonda referendum: fuqarolarning 87 foizdan ortigʻi yangi Konstitutsiyani qoʻllab-quvvatladi
Qozogʻiston yangi Konstitutsiyasini qabul qilish uchun referendumda fuqarolarning 87,15 foizi ovoz berdi, referendum boʻlib oʻtgan deb tan olindi. Bu haqda Markaziy referendum komissiyasi raisi Nurlan Abdirov maʼlum qildi, uning soʻzlaridan “RIA Novosti” iqtibos keltirmoqda.
“2026-yil 12-fevralda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan Qozogʻiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini qabul qilish boʻyicha referendumga qoʻyilgan masalaga ijobiy javob bergan fuqarolar soni 7 mln 954 ming 667 kishini yoki mamlakatning barcha hududlarida ovoz berishda ishtirok etganlarning 87,15 foizini tashkil etdi”, — dedi u.
Yangi Konstitutsiya loyihasi boʻyicha referendum Qozogʻistonda 15-mart kuni boʻlib oʻtdi. Turli tadqiqot tashkilotlarining “exit poll” natijalariga koʻra, tashabbusni fuqarolarning 86,7 foizidan 88,6 foizigacha boʻlgan qismi qoʻllab-quvvatlagan.
Mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev fuqarolarga minnatdorchilik bildirib, saylovchilarning ishtiroki rekord darajada yuqori boʻlganini taʼkidladi. Qozogʻistonning oʻzida uchastkalar yopilgan vaqtda davomat 73 foizdan oshgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston yetakchisini referendum muvaffaqiyatli oʻtgani bilan tabriklagan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring