Qozogʻistonda Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Joriy yil 10-fevral kuni Qozogʻiston Respublikasining Turkiston shahrida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilariga Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari qutlov soʻzlarini yoʻlladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumi ishtirokchilariga yoʻllagan qutlov soʻzini Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva oʻqib eshittirdi.
Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida strategik hamkorlikni mustahkamlash va ushbu jarayonda parlamentlarning rolini yanada oshirishga doir masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi asosida mintaqa davlatlarining yetakchilari oʻrtasida olib borilayotgan oʻzaro ishonchga asoslangan faol siyosiy muloqotlar izchillik va muntazamlik kasb etmoqda. Bu, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor boʻlgan tinchlik-osoyishtalik, xavfsizlik, chegaraviy masalalar, shuningdek, iqtisodiyot, investitsiya, turizm, madaniyat, sogʻliqni saqlash va ekologiyaga oid mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan muhim tashabbus va qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratmoqda.
Forumda alohida qayd etilganidek, bugungi kunda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish borasida parlament diplomatiyasining ham oʻrni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, global tahdidlar kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda qardosh va oʻzaro doʻst xalqlar parlamentlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish, ularning salohiyatidan yanada kengroq foydalanish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada mamlakatimizda yaqin qoʻshnilar bilan samarali parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasining qabul qilingani oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.
Shu maʼnoda, Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi rahbari oʻz soʻzida Markaziy Osiyodagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan ishlar, oʻz navbatida, parlament aʼzolari zimmasiga katta masʼuliyat yuklashini qayd etib oʻtdi.
— Xalqaro siyosatdagi yuqori turbulentlik sharoitida va jahon iqtisodiyotida inqirozli hodisalarning kuchayishi fonida Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlarining saʼy-harakatlarini birlashtirish, yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda hal etishga boʻlgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Ushbu Forumning yoʻlga qoʻyilishi esa ana shunday hayotiy talablarni qondirish bilan bir qatorda, mintaqaviy hamkorlikka sezilarli darajada surʼat bagʻishlaydi hamda xalqlarimizning yanada yaqinlashishiga turtki beradi.
Parlament vakillari aholining talab va ehtiyojlaridan, odamlarni qiynab kelayotgan muammolardan yaxshi xabardorligi hamda ularni hal etishda parlament resurslarini yetarlicha jalb qila olish imkoniga egaligi Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar manfaatlariga toʻla javob beradigan yechimlarni ishlab chiqishga zamin yaratadi.
Mintaqa davlatlari parlamentlarining samarali muloqoti boʻyicha yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur yangi platforma doirasida mamlakatlar qonun chiqaruvchi organlari oʻzaro hamkorligining huquqiy asoslarini mustahkamlash borasidagi ishlarni yanada faollashtirishimiz kerak.
Shuningdek, milliy qonunchilik asoslarini oʻzaro uygʻunlashtirish va yaqinlashtirish boʻyicha qonunchilik normalarini chuqur tahlil qilish hamda takomillashtirish maqsadga muvofiq, — deya taʼkidladi Senat raisi T. Narbayeva.
Forumda umumiy tarixiy-madaniy merosga asoslangan madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda parlament aʼzolarining ishtirokini yanada kuchaytirish masalalari ham muhokama markazida boʻldi.
Qayd etish joizki, keyingi yillarda mintaqa davlatlari oʻrtasida asrlar mobaynida shakllangan va hozirda tobora mustahkamlanib borayotgan doʻstona aloqalar xalqlarimizning tili, urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarining mushtarakligi bilan ham izohlanadi.
Shundan kelib chiqib, forum ishtirokchilari mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda turli forumlar, festivallar, madaniy tadbirlarni oʻtkazish, xalqlarimizni bir-biri bilan yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi turizm yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.
Tadbir yakunida Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi parlamentlararo forumining mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring