Qo‘shrabotda hamon qulupnay pishmoqda  

12:38 27 Oktyabr 2021 Jamiyat
610 0

Foto: Abdulaziz Yo‘ldoshev / Xalq so‘zi

Ochig‘i, qulupnayni yilning aprel-may oylarida, so‘ng avgustda tanovul qilishga odatlanganmiz. Chunki ochiq maydonda qulupnay yetishtirish mavsumi shu oylarga to‘g‘ri keladi. Lekin Qo‘shrabotda qish ostonada turgan ayni pallada ham bu mevani yetishtirayotgan xonadonda bo‘lib, havas va hayrat tuydik, ochig‘i.

Qo‘shrabotda tuman nomi bilan ataluvchi mahalladagi 89-umumiy o‘rta taʼlim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan Buvrama Qodirova ishdan bo‘sh vaqtida tomorqa dehqonchiligi bilan shug‘ullanadi. U 1 sotix yerda ismaloq, 2 sotix maydonda qulupnay yetishtirib, oilasiga mo‘maygina daromad keltiryapti.

- Talabalik davrimda dialektologiya bo‘yicha amaliyot o‘tash uchun Kattaqo‘rg‘on tumaniga borib, qulupnay yetishtirayotgan tomorqachilarga havas qilganman, - deydi B. Qodirova. - Uni o‘zimizda ham yetishtirib, ko‘paytirishni reja qilgandim. Ko‘pchilik “Qo‘shrabotda qulupnay yetishtirib bo‘lmaydi”, der edi.

Maqsad qatʼiy bo‘lsa, uddalasa bo‘larkan. To‘rt yildan beri qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanyapman. Birinchi yil 50 ming so‘mga 200 tup ko‘chat keltirib, ozgina joyga ekdim. Keyin sekin-asta ko‘paytirib, shu yil 2 sotix yerda qulupnay yetishtirdim. Bahordan shu paytga qadar 500 kilogrammdan ko‘proq hosil olib, bozorda sotdim. 10 million so‘m daromad qildim. Havo salqin bo‘lishiga qaramay, shu paytgacha qulupnay pishishda davom etyapti. Har kuni maktabdan kelib, tomorqada oilaviy mehnat qilamiz. Hovlimiz qirlikda joylashgan bo‘lsa ham, yaxshi hosil olamiz.

Kelgusida rejalarimiz katta. Tuman hokimligiga murojaat qildik. Agar tekisroq yerdan 2 gektar yer maydoni ajratilsa, qulupnayning yangi navlaridan keltirib, ekamiz. Shuningdek, murabbo sexi ham tashkil etishni niyat qilganmiz.

 

 

  Abdulaziz Yo‘ldoshev, “Xalq so‘zi”.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер