Qo’shni davlatlar munosabatlarida yangi sahifa
O’zbekiston va Tojikiston Markaziy Osiyodagi biri-biriga chambarchas bog’langan, qarindoshlik rishtalari bilan mustahkamlangan, to’y-marosimlari hamda urf-odatlari o’xshash mamlakatlardir.
Bundan bir yil oldin O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev o’z nutqlarining birida “20 yillik qalin muz eritilishi kerak. Shundan so’ng konstruktiv qo’shnichilik munosabatlarini tiklasa bo’ladi. Bu oson ish emas, buning uchun muayyan vaqt talab etiladi”, deya ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, o’tgan davrda davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli ikki mamlakat o’rtasida yillar davomida yig’ilib qolgan gina-kuduratlar unutilib, mavjud muammolarni birgalikda hal qilish yo’lida jadal harakat boshlandi.
Qisqa fursatda yaxshi qo’shnichilik rishtalari ancha mustahkamlandi, o’rtada konstruktiv hamkorlik muhiti yuzaga keldi.
Ikki davlat munosabatlarida kuzatilayotgan ushbu ijobiy o’zgarishlardan, eng avvalo, oddiy odamlar manfaat ko’rmoqda. Ayniqsa, o’tgan haftada O’zbekiston va Tojikiston chegarasidagi bir qator nazorat postlarining qayta ochilganini o’zbek hamda tojik jamoatchiligi, xususan, chegaraoldi hududda yashovchi aholi katta xursandchilik bilan kutib oldi. Shu bilan birga, ikkala qo’shni mamlakat o’rtasidagi temir yo’l va aviaqatnovning tiklanishi ham odamlar hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Prezidentimizning Tojikiston Respublikasiga o’tgan haftada amalga oshirgan davlat tashrifi azaldan bir daryodan suv ichgan ikki yurt o’rtasida konstruktiv munosabatlarni o’rnatish yo’lida boshlangan o’zaro sa’y-harakatlarni yanada yuqori pog’onaga olib chiqdi. Do’stona hamda samimiy ruhda o’tgan muloqot va uchrashuvlarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamda boshqa sohalarda keng qamrovli aloqalarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollari, shuningdek, mintaqaviy hamda xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar atroflicha muhokama etildi.
Tojik birodarlarimizning Yurtboshimizni samimiy, do’stona kutib olgani barchamizni nihoyatda quvontirdi. Garchi yomg’ir yog’ib turgan bo’lsa-da, minglab tojikistonliklar oliy martabali mehmonni kutib olishga Dushanbe ko’chalariga chiqqani nafaqat Prezidentimizga, balki butun o’zbek xalqiga ko’rsatilgan beqiyos hurmatning amaldagi ifodasidir, desak, aslo yanglishmaymiz. Zero, mustaqil Tojikiston tarixida hali biror-bir mamlakat rahbariga bunchalik darajada izzat-ikrom ko’rsatilgan emas.
Aytish o’rinliki, ikki tomonlama muzokaralar natijasida uzoq muddatli munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. Ushbu hujjatlar istiqbolda mamlakatlar o’rtasida o’zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama taraqqiy toptirish yo’lida muhim huquqiy asos bo’lib xizmat qilishi shubhasiz.
Umuman aytganda, mazkur tarixiy tashrif qo’shni davlatlar munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Endigi vazifamiz Yurtboshimiz tashabbusi va bevosita sa’y-harakatlari tufayli qayta jonlangan o’zaro do’stlik aloqalarini, ayniqsa, parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, ikki xalqni bir-biriga bundan-da yaqinlashtirishdan iborat. Zero, o’zbek-tojik birodarligi Markaziy Osiyoda yaxshi qo’shnichilik, tinchlik, xavfsizlik hamda barqaror taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi.
Qodir JO’RAEV,
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo’mitasi a’zosi,
Tojikiston parlamenti bilan hamkorlik bo’yicha guruh a’zosi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring