Qorakoʻlchilik Nurobod tumani iqtisodiyotida muhim drayverlardan biriga aylanmoqda

13:20 31 Mart 2022 Jamiyat
1082 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Prezidentimizning “Qorakoʻlchilik tarmogʻini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2019-2023-yillarda qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl terisi uchun davlat byudjetidan 50 ming soʻmdan va qorakoʻlcha terisi uchun 75 ming soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan.

Samarqand viloyatida mazkur qaror ijrosi doirasidagi ishlar samarasini Nurobod tumanida qorakoʻl qoʻylarining naslini yaxshilash, sifatli va eksportbop terilar ishlab chiqarish koʻrsatkichlarining tobora oshib borayotgani misolida ham koʻrish mumkin. Aytish joizki, qorakoʻlchilik ushbu tuman iqtisodiyotida muhim drayverlardan biriga aylanmoqda.

Tumandagi mavjud 94 ta xoʻjalik yurituvchi subyektga tegishli 364 ming gektar yaylovlarda 162 ming boshdan ziyod mayda shoxli mollar parvarishlanyapti. Shularning 31 ming boshdan ortigʻini qorakoʻl qoʻylar tashkil etadi. Ayni kunlarda toʻl mavsumi yumushlari bilan band chorvadorlarning qoʻli qoʻliga tegmaydi.

— Oʻtgan yili otarlarga Afgʻonistondan, shuningdek, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan naslli qorakoʻl qoʻchqorlar keltirildi,-deydi tumandagi qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan “Kattaqoʻrgʻon” MCHJ rahbari Yoʻldosh Kazakov. — Shu tariqa joriy yilgi toʻl mavsumida ona qoʻylarni sunʼiy qochirish evaziga sifatli va eksportbop qorakoʻlcha terilar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Hozirda xoʻjaligimizda 10 ming mayda shoxli mollar parvarishlanyapti. Afgʻonistondan keltirilgan naslli qorakoʻl qoʻchqorlardan eksportbop “Koʻk qorakoʻlcha” nasli yaratildi.

Joriy yil toʻl mavsumida tumanda mavjud 60 ming bosh ona qoʻydan 55 ming boshdan ortiq qoʻzi olish rejalashtirilgan. Natijada yana 20 ta yangi otar yaratiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер