Qoʻqonda maktab oʻqituvchilari uchun koreyalik mutaxassislar ishtirokida seminar treninglar tashkil etildi

11:30 01 Aprel 2026 Jamiyat
209 0

Qoʻqon shahrida umumiy oʻrta taʼlim maktablari ustozlari uchun Janubiy Koreyadan kelgan mutaxassislar ishtirokida seminar treninglar boʻlib oʻtdi.

Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti hamda Janubiy Koreyaning “Dia global” akademiyasi professor-oʻqituvchilari ishtirokida oʻtkazilgan mashgʻulotlar maktab taʼlimiga zamonaviy yondashuvlarni keng tatbiq etishga bagʻishlandi.

Shu tariqa uch kun mobaynida shahardagi maktablar direktorlari va direktor oʻrinbosarlari hamda psixologlar ishtirokida “Taʼlim sifatini oshirishda besh oʻlchovli taʼlimning ahamiyati” mavzusida yuzma-yuz muloqotlar tashkil etildi. Amaliy seminarlar davomida turli yoʻnalishlarda zamonaviy oʻqitish texnologiyalari asosida maʼruzalar oʻqildi hamda bevosita maktablarga tashrif buyurgan holda taʼlim-tarbiya jarayoni bilan yaqindan tanishildi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar oʻrtasida samimiy muloqotlar uyushtirildi.

— Bir necha yillardan buyon xalqaro miqyosda katta nufuzga ega ushbu akademiya bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz, — deydi Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori, pedagogika fanlari doktori, akademik Xolboy Ibraimov. — Bu akademiya professor-oʻqituvchilari yangicha yondashuvlar asosida besh oʻlchovli taʼlim tizimi uslubini yaratgan. Bular oʻquvchining ruhiy holati, intellektual salohiyati va tafakkuri, jismoniy barkamolligi hamda har jihatdan barkamol shaxsni tarbiyalashni nazarda tutadi.

Eng muhimi, bu usul oʻquvchining bilimi uchun investitsiya kiritish va inson kapitaliga jiddiy eʼtibor qaratadi. Bunday yondashuv bugungi kuchli raqobat sharoitida yetarli bilim va hayotiy koʻnikmaga ega avlodni tarbiyalashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

— Bugun sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot davrida yashayapmiz, — deydi Li Syong Xyon. — Bundan chorak asr muqaddam amaliyotga joriy etilgan mazkur dastur aynan ana shu kabi jihatlarni inobatga olgan holda kuchli aql-tafakkurga ega avlodni tarbiyalashni maqsad qilgan. Yangi tashabbus Koreya taʼlimi dunyoda raqobatbardosh boʻlishini taʼminladi. Oʻzbekiston ham shu yoʻlda dadil qadam tashlamoqda. Demak, bu taʼlim dasturi milliy mentalitetingizga mosligi tufayli ham mamlakatingizda yaxshi samara beradi.

Aytish joiz, mazkur usul shahar maktablarida amaliy tajribadan oʻtkazilgach, kutilgan samara va natijasiga koʻra “Qoʻqon tajribasi” sifatida mamlakatimiz miqyosida keng tatbiq etilishi rejalashtirilmoqda.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер