Qoʻqonda bozor nazoratchisining qulogʻini tishlab uzgan shaxsga hukm oʻqildi

21:24 17 Mart 2026 Jamiyat
332 0

Fargʻona viloyatida bozor nazoratchisiga ogʻir tan jarohati yetkazgan shaxsga nisbatan sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Kun.uz sud qaroriga tayanib xabar bermoqda.

Hodisa oʻtgan yilning oktyabr oyida Qoʻqon shahridagi “Oʻrganjibogʻ” mahallasida joylashgan bozorda sodir boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, ikki nafar sotuvchi ayol joy talashib janjallashib qolgan. Bozor nazoratchisi K. O. ayollarni ajratmoqchi boʻlgan vaqtda, somsa sotadigan boshqa bir ayolning oʻgʻli, 38 yoshli I. X. janjalga aralashgan.

“Erkak avvaliga nazoratchini qoʻllari bilan urgan, soʻngra uning qulogʻidan tishlab, bir qismini uzib olgan”, — deyiladi xabarda.

Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga koʻra, quloq suprasidagi chandiq vaqt oʻtishi bilan yoʻqolmaydi va plastik operatsiya talab qiladi.

Sudlanuvchi I. X. oʻz aybiga qisman iqror boʻlib, quyidagilarni maʼlum qildi:

“Nazoratchi onam somsa sotadigan aravani surib, bu yerdan yoʻqol, dedi. Men aravaga tegmasligini soʻraganimda, u qoʻpollik qildi. Men uning yuziga ikki marta urdim. U meni yiqitdi va oʻzi ham ustimga tushdi. Oʻshanda men uning oʻng qulogʻini tishlab oldim, quloq boʻlagi ogʻzimda qoldi”.

Nazoratchining soʻzlariga koʻra, u shu kungacha davolanish uchun 14 mln soʻm sarflagan, plastik operatsiya uchun esa yana 70 mln soʻm mablagʻ talab etiladi. U suddan ushbu moddiy zararlarni undirib berishni soʻradi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Furqat tuman sudi I. X.ni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “b, ye” bandlari (Qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topdi. Sudlanuvchi 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi (umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilandi). Jabrlanuvchi foydasiga 13,7 mln soʻm miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер