Qoʻqonda 90 ming dollar qarzni tovlamachilik bilan 842 ming dollar qilib qaytarib olmoqchi boʻlganlar ushlandi
Qoʻqon shahrida ayolga nisbatan tovlamachilik jinoyatini sodir qilgan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortildi, deb xabar bermoqda Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Maʼlum boʻlishicha, jabrlanuvchi Sh.T. (ayol) va gumonlanuvchilar Joʻrayeva Zilola Muxammadovna, Gʻafurov Karimjon Voxidjonovich oʻrtasida 2026-yilning fevral va mart oylarida qarz oldi-berdisi natijasida sodir qilingan huquqbuzarlik uchun Qoʻqon shahar IIB tomonidan qonuniy taʼsir choralari koʻrilgan.
Biroq, Sh.T.ning joriy yil 7-aprel kungi arizasiga asosan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida, gumonlanuvchilar 2025-yil dekabr oyidan boshlab, jabrlanuvchiga 90 ming dollar pullarni bergan boʻlsa-da, ustiga foiz hisoblab, Sh.T.dan 842 ming dollarini qaytarishni talab qilgan.
Aniqlanishicha, gumonlanuvchilar Sh.T.ni sovuq qurol bilan oʻzi va oila aʼzolariga zarar yetkazish bilan qoʻrqitib, tovlamachilik yoʻli bilan muntazam pul undirib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan Joʻrayeva Zilola va Gʻafurov Karimjonga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Shuningdek, IIB yuqoridagi shaxslardan jabrlanganlar boʻlsa yaqin oradagi IIOga yoki 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib xabar berishlarini soʻragan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring