Qoʻqon yoshlari tashabbusi bilan “Yosh volontyorlar” guruhi tashkil etildi
Qoʻqon shahrida yangi avlod vakillari tashabbusi bilan “Yosh volontyorlar” guruhi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Guruh aʼzolari “Biz obodlik va tozalik tarafdorimiz” shiori ostida obodonlashtirish hamda tozalash ishlarida faol ishtirok etmoqdalar. Dastlabki tashabbus doirasida volontyor yoshlar tomonidan Qoʻqon shahrining Chorbogʻ hamda Toshhovuz koʻchalarida tozalash ishlari olib borildi. Shu tariqa hududlarda chiqindilar yigʻishtirilib, atrof-muhitni obodonlashtirish choralari koʻrildi.

—“Yosh volontyorlar” guruhi tomonidan har haftada bir kun obodonlashtirish tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilgan,—deydi guruh rahbari, Qoʻqon shahridagi 2-son texnikumi oʻqituvchisi Sarvarjon Burxonov.—Bu tashabbus yoshlar oʻrtasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, shahar hududini yanada ozoda saqlashga xizmat qilishi maqsad qilingan.
Kuni kecha faol yigit-qizlar guruh rahbari bilan birgalikda 82 yoshli Ramizaxon aya xonadoni boʻlib, onaxonning uy yumushlariga koʻmaklashishdi. Oʻz navbatida nuroniy yoshli momo guruh aʼzolariga oʻz minnatdorchiligini bildirib, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan mamnun ekanini taʼkidladi.

Aytish joiz, joriy yilning 24-fevral kuni davlatimiz rahbarining yoshlar bilan oʻtkazilgan ochiq muloqoti chogʻida volontyorlik tashabbuslarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ham bir qator ezgu maqsadlar bildirilgan edi.
Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi kelajagimiz vorislari ushbu tashabbusni birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladilar.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring