Qonunlar ustuvorligiga barchamiz masʼulmiz

11:44 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
1217 0

Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi “Yoshlar markazi”da shu yilning 11-12-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida koʻrilgan dolzarb masalalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi M.Djumagaldiyev, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, boshqarma va tashkilot rahbarlari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining deputatlari, tijorat banklari rahbarlari, tuman va shahar xotin-qizlar qoʻmitasi hamda fuqarolar yigʻini raislari, nuroniylar, sogʻliqni saqlash xodimlari, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

Bu galgi yigʻilish Senat majlisida maʼqullangan qonunlar va boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha saylov qonunchiligining mazmun mohiyati hamda toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazishni tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi masalalarni qamrab olganligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Koʻrib chiqilgan mavzularning barchasi jamiyatimizni yanada taraqqiy ettirish, hayotimizda qonunlar ustuvorligini taʼminlash, aholi turmush farovonligini yuksaltirish, ayrim ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, yoshlarni barkamol avlod qilib voyaga yetkazish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga bebaho meros sifatida qoldirishdek ezgu niyatlarga xizmat qiladi. Shu bois, yigʻilish kun tartibi va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga oʻtkazilajak saylovlarning yangi tartib qoidalari, jamiyatimizga nuqson boʻlayotgan ayrim illatlarni bartaraf etish yoʻl-yoʻriqlari yuzasidan boʻlib oʻtgan muhokamalarda ishtirokchilar faol qatnashishdi.

— Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining toʻy va maʼrakalarni risoladagidek oʻtkazish yuzasidan qabul qilgan qarori 2020-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi,-deydi Xalq deputatlari Toshkent tumani Kengashi deputati Mirislom USMONOV — Viloyat aholisining yoshi ulugʻlari chetda tomoshabin boʻlib turishi yarashmaydi. Mahallardagi toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar tejamkorlik bilan haqiqiy milliy udumlarimiz asosida oʻtkazishni Senat tomonidan koʻrib chiqilishi davlatchiligimiz rivojida alohida ahamiyatga egadir.

Hojilik rutbasiga sazovor boʻlgan otaxon va onaxonlar buyuk Yaratganning Baytiga borib kelishingiz, bu yoʻlda sizlarga davlatimiz tomonidan qulaylik va imkoniyatlarining yaratilishi zimmangizga alohida masʼuliyat yuklaydi. Endi sizlar harom va halolni, isrofgarchiligu manmanlik, kibru havoga berilishu xokisorlikning foyda va ziyonlarini aholiga tushuntirishingiz kerak. Qaysidir mahalladoshingizni ortiqcha xoyyu havasga berilib, haddidan oshayotganini, mavjud qonunlarni mensimayotganligini koʻrib beparvo yurishingiz rutbangizga yarashmaydi. Yaratganning gʻazabini keltiradi.

Bugun Toshkent tumanida 68 ta mahalla fuqarolar yigʻini faoliyat koʻrsatyapti. Fidoyi mahalla oqsoqollari oʻz atroflariga turmush mashaqqatlarini boshidan kechirgan, hayot neʼmatini qadriga yetuvchi, sabru qanoatda oʻrnak boʻladigan kishilarni jamlay olgan. Shu tufayli ular mahalla hayotiga tegishli har qanday muammoni hal etish tajribasiga egalar. Mahallalardagi toʻy va turli oilaviy marosimlarni ortiqcha isrofgarchiliksiz oʻtkazilishiga, aholi oʻrtasida mehr-oqibat, yoshlarda odob-axloq tuygʻularini qaror toptirishga alohida eʼtibor qaratilgan.Bunday xayrli tajribani viloyatda ommalashtirish zarur!

Bugungi yigʻilishimizda eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan yana bir muammo bor. U ham boʻlsa, amaldagi qonunlarimizni mensimaydigan ayrim mansabdor shaxslar, boyligini koʻz-koʻz qilib toʻy hashamlar oʻtkazuvchi tadbirkorlarni tartibga chaqirishda aholining alohida faollik koʻrsatishidir. Isrofgarchilikka sarflanayotgan mablagʻlarni kelajagimiz vorislarining ilm olishi va tarbiya topishi uchun maktabgacha taʼlim muassasalari hamda zamonaviy oʻquv maskanlari qurish ishlariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni tiklashga, qarovchisiz keksalar tarbiyasiga yoʻnaltirishsa, nechogʻlik savobga erishardilar.

Boʻlib oʻtgan yigʻilish unda ishtirok etgan yoshlar va jamoatchilik vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Shodiyor Mutaharov,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер