Qonunlar hayotni yaxshilashi kerak
Qonunlar shunchaki hujjat emas, balki fuqarolarning kundalik hayotini yengillashtiruvchi, ularning manfaatlarini himoya qiluvchi vositadir. Shu nuqtayi nazardan, qonun ijodkorligi jarayonida aholi ehtiyojlari, joylardagi muammolar va jamoatchilik fikrini inobatga olish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Deputatlar oʻz saylov okruglarida fuqarolar bilan doimiy uchrashuvlar oʻtkazib, mahallalardagi har bir murojaatni joyida eshitish, odamlarning kundalik hayotida uchrayotgan muammolarni bevosita oʻrganmoqda.
Masalan, Muzrabot tumani “Bodomzor” mahallasida deputat Dilfuza Joʻrayeva tashabbusi bilan “Sirosiyo” koʻchasining 2 kilometr 900 metr, Markaz koʻchasining 1 kilometr 300 metr qismida asfalt yotqizish ishlari amalga oshirildi. Bu ishlardan 500 nafarga yaqin oʻquvchi maktabga xavfsiz qatnay boshlagani, minglab aholi kundalik foydalanish imkoniga ega boʻldi. Hudud aholisi uchun ushbu oʻzgarishlar faqat infratuzilma yangilanishi emas, balki uzoq yillik muammolarga yechim topilgani bilan ham ahamiyatlidir.

– Ilgari deputatlarni faqat saylov mavsumida suratini koʻrardik, — deydi “Bodomzor” mahallasida istiqomat qiluvchi Gulchehra Abdullayeva. — Hozir deputatlar uyma-uy yurib, aholi muammolarini oʻrganmoqda. Yillar davomida yoʻl va elektr masalasida qiynalardik. Hozir mahallamiz yoʻllari tekis va ravon, bolalarimiz maktabga xavfsiz qatnayotganidan xursandmiz.
Shu tumandagi “Yangi diyor” mahallasidagi Namunali koʻchasida 86 ta xoʻjalikka xizmat koʻrsatuvchi 30 ga yaqin simyogʻochning eskirgani va avariya holatiga kelib qolgani yuzasidan kelib tushgan murojaat ham mahalla deputati tomonidan oʻrganilib, tegishli tashkilotlarga deputatlik soʻrovi yuborildi. Natijada mazkur koʻchada zamonaviy simyogʻochlarni oʻrnatish ishlari boshlab yuborildi. “Dehqonobod” mahallasida 23 kilometrlik ichki yoʻllarning ahvoli, qishda loy, yozda chang boʻlishi aholi uchun jiddiy qiyinchilik tugʻdirmoqda. Qaldirgʻoch koʻchasidagi zovur ustida koʻprik yoʻqligi sababli maktab oʻquvchilari har kuni xavfli yoʻl bosib oʻtishiga toʻgʻri keladi. Bu masalalar boʻyicha deputatlik soʻrovlari yoʻllanib, infratuzilmani yaxshilash boʻyicha aniq amaliy choralar belgilandi.

Aholi xavfsizligi bilan bogʻliq holatlar Boysun tumanida ham deputatlar eʼtiboridan chetda qolmayapti. Tumandagi “Xoʻjaidod” mahallasi Qoʻrgʻoncha qishlogʻida suv oqimi qirgʻoqlarining yemirilishi natijasida 15 dan ortiq xonadon sel va suv toshqini xavfi ostida qolgani maʼlum boʻldi. Suv qirgʻogʻi ayrim uylarga 10–12 metrgacha yaqinlashib kelgani vaziyatning jiddiyligini koʻrsatadi. Deputat Dilbar Suvonova tomonidan mazkur holat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga deputatlik soʻrovi yuborildi.
Deputat Mehri Narbasheva Shoʻrchi tumanida saylovchilar bilan uchrashuvlardan birida “Choʻmichli” mahallasida aholi gavjum hududda joylashgan elektr transformatori maktab oʻquvchilari hayoti uchun xavf tugʻdirayotganidan xabardor boʻldi. Deputat tashabbusi bilan uni xavfsiz hududga koʻchirish boʻyicha mutasaddi tashkilotga soʻrov yuborilib, masala ijobiy hal etildi.
Boysun tumani aholisi azaldan kitobxon, maʼnaviyatga chanqoq xalq sifatida tanilgan. Ayniqsa, tumanning olis hududlaridan biri boʻlgan Pulxokim qishlogʻi ahli orasida sheʼriyat va badiiy adabiyotga oshno qalblar koʻpchilikni tashkil etadi. Shu qishloqda oʻtkazilgan uchrashuvlardan birida ota-onalar farzandlarida kitob oʻqishga boʻlgan qiziqish balandligini, biroq barcha oilalarda badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash imkoniyati yetarli emasligini ochiq bayon etdi. Mahallada kutubxona tashkil etish borasida amaliy yordam soʻraldi. Ushbu murojaat deputat Alisher Pardayev tomonidan eʼtiborga olinib, tuman hokimiga tegishli deputatlik soʻrovi yuborildi. Hozirda Pulxokim hududida bolalar uchun koʻchma kutubxona tashkil etish boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborilgan.

— Uy-joy masalasi boʻyicha murojaatim eʼtiborsiz qolmadi, — deydi Denov tumanidagi “Jamatak” mahallasi faoli Kamola Ismatullayeva. — Murojaatim xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Baxtiyor Rahimov tomonidan oʻrganilib, aniq yechimlar ustida ish olib borilayapti. Eng muhimi, bizni eshitayotgani, muammomizga befarq emasligi ishonch bagʻishlaydi.
Darhaqiqat, bugun mahalla bilan deputat oʻrtasidagi aloqa sezilarli darajada yaqinlashganini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Murojaatlar ortidan aniq natijalar koʻrinayotgani, koʻtarilgan masalalar amalda hal etilayotgani esa aholi ishonchini mustahkamlamoqda. Ana shu ishonch esa deputatlik faoliyatining eng muhim mezoniga aylanib bormoqda.
Farhod ESONOV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring