Qonun loyihasi bilan cheklovlar olib tashlanmoqda

14:05 20 Dekabr 2022 Jamiyat
455 0

2022-yil 19-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab, “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama etildi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi bilan “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish koʻzda tutilmoqda.

Qonun loyihasidagi normalar bilan donor qonini toʻplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirish hamda dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga ruhsat berish, shuningdek tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovni bekor qilish hamda bu orqali autsorsing asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni takomillashtirish taklif etilmoqda.

Fraksiya aʼzolari tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirilib, maʼqullandi.

Shundan soʻng, “Isteʼmol kreditini ajratish tizimini takomillashtirishga qaratilgan “Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizgʻin muhokama etildi.

Qayd etilganidek, amaldagi qonunchiligimizga koʻra, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlar uchun moliyaviy isteʼmol kredit ajratilishi taqiqlangan. Mazkur qonun loyihasida ushbu cheklov olib tashlanishi hamda bu oʻzgarish orqali mamlakatimiz aholisining taʼlim olish, mehnat qilish hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida ular uchun zarur boʻlgan barcha isteʼmol tovar va xizmatlari bilan toʻlaqonli taʼminlash nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasidagi normalar fraksiya aʼzolari tomonidan atroflicha koʻrib chiqildi. Loyihani takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi va qoʻllab-quvvatlandi.

Fraksiya aʼzolari yigʻilishda “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi”gi qonun loyihasini atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik muammolarni hal etish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan holda obdon muhokama qildi va maʼqulladi.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер