Qoʻmitada vazirliklarning axboroti eshitildi

12:10 13 May 2023 Jamiyat
1136 0

2023-yil yil 12-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tomonidan eshituv oʻtkazildi. Unda Qishloq xoʻjaligi va Suv xoʻjaligi vazirliklarining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish hamda agrar sohada tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotlari eshitildi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash barcha darajadagi davlat organlarining asosiy vazifasiga aylandi. Zero, har bir murojaat ortida inson huquqi, uning manfaatlari yotadi. Shu bois, xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqilib, “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil ostida barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari oʻz faoliyatlarini olib bormoqda.

Axborotda keltirilishicha, Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparati va tarkibiy boʻlinmalariga 2022-yilda 26486 ta, Suv xoʻjaligi vazirligiga esa 2702 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari kelib tushgan. Ularning qariyb 60 foizi qanoatlantirilgan.

Shuningdek, vazirlik tizimida barcha idoraviy hujjatlar, murojaatlar va boshqa ichki yozishmalar elektron hujjat almashish avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kelib tushgan murojaatlarni yoʻnalishiga koʻra tezkorlik bilan koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgani deputatlar tomonidan eʼtirof etildi.

Eshituvda fuqarolar muammolarini tinglash borasida oʻtkazilgan sayyor qabullar haqida ham maʼlumotlar berildi. Xususan, oʻtgan davrda jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi mutasaddilari tomonidan 10 dan ortiq, Suv xoʻjaligi vazirligi 20 dan ortiq hududlarda fuqarolar va yuridik shaxslarning vakillari ishtirokida sayyor qabullar oʻtkazgan.

Deputatlar bunday qabullar albatta, fuqarolar muammolarini tizimli yechimiga xizmat qilishini taʼkidlab, bu kabi sayyor qabullarni murojaatlar tahlilidan kelib chiqib muammolar koʻp kuzatilayotgan hududlarda koʻproq oʻtkazish taklifini berishdi. Chunki, aksariyat murojaatlar huquqiy maslahat shaklda ijobiy yechim topmoqda.

Shuningdek tadbirda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi yerlarining unumdorligini oshirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvni tejaydigan texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Bu esa ekinlarni barqaror suv bilan taʼminlash imkonini beryapti.

Eshituvda deputatlar hududlarda oʻrganishlar davomida suvni tejaydigan sugʻorish tizimlarini ishlab chiqarish, yetkazib berish, xarid qilish, loyihalashtirish va oʻrnatishdagi kamchiliklar mavjudligini aytib oʻtishdi. Yaʼni, ayrim qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bu boradagi koʻnikmalari yetarli emasligi mazkur texnologiyalarning oʻz vaqtidan kechikib joriy qilinishiga sabab boʻlyapti. Natijada, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini joriy etish amaliyoti ortda qolmoqda.

Shundan kelib chiqib, deputatlar vazirliklarga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishdagi mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish, mintaqada kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy taʼsirini yumshatish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv resurslaridan yanada samarali foydalanish boʻyicha takliflar berishdi.

Savol-javoblarga boy boʻlgan eshituvda oʻzaro maqsadli muloqotlar asosida sohani takomillashtirib borish, mavjud muammolarini yechish choralarini koʻrish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi aytib oʻtildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi va tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер