Qogʻozbozlikdan aqlli tibbiyot sari

22:24 30 Mart 2026 Jamiyat
276 0

Zarbdor tumanidagi sogʻliqni saqlash muassasalarini raqamlashtirish, axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha tartib-taomillarini qisqartirish, aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish, tibbiyot xodimlarining ish samaradorligini oshirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda qabul qilingan raqamli transformatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish va tatbiq etishga bagʻishlangan amaliy seminar va uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda tibbiyot muassasalarida xizmatlar sifatini oshirish va tizimni zamonaviylashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-dekabrdagi PQ-415-sonli “Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni jadallashtirish hamda ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

— Raqamlashtirish faqat qulaylik emas, balki qonuniylik ham demakdir, yaʼni “qoʻldan-qoʻlga” oʻtadigan qogʻozlar va maʼlumotlar yoʻq – bu degani manipulyatsiya uchun yoʻllar berkildi degani, — deydi Zarbdor tumani hokimining raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha maslahatchisi Kamoliddin Yangibayev. — Yangi tizim boʻyicha bemorning kasallik tarixi, tahlil natijalari va emlash maʼlumotlari bitta elektron bazaga jamlanadi, endi bemor navbatda turib qalin qogʻozli daftarlarni koʻtarib yurishi, uzundan-uzun navbatlarda ham turishi shart emas.

Shuningdek, davlat va xususiy dorixonalarda Elektron retsept» tizimini keng joriy etish, ushbu tizim orqali shaffoflikni taʼminlash hamda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda, shifokorlar tomonidan yozib berilayotgan dorilar roʻyxatining tizimga kiritilishi, termopirinterlarning ishlatilishi, dorixonalarda bemorlarga vrachlar tomonidan yozilgan dorilarning retsept boʻyicha berilishidagi muammolar tanqidiy muhokama qilindi va sogʻliqni saqlash tizimida maishiy korrupsiyaning oldini olish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha ham zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер