“Qochoq” otalar ushlanib, javobgarlikka tortildi

20:16 01 Dekabr 2023 Jamiyat
283 0

Maʼlumki, farzandlar taʼminoti, yaʼni sudning qarori bilan voyaga yetmaganlarga aliment toʻlanishi majburiyatdir. Ammo, ayrim qarzdor otalar bunga “panja orasidan qarashadi” ki buni aslo oqlab boʻlmaydi. Shu boisdan ham aliment bilan bogʻliq hujjatlar ijrosini taʼminlash borasida Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan tizimli chora-tadbirlar hamda “mahallabay” undiruvlar olib borilmoqda.

Ayni jarayonda farzandi moddiy taʼminotini taʼminlamay, yashirinib yurganlarni qidirib topishga ham toʻgʻri kelyapti. Xususan, bunday shaxslarni topish hamda qonun ustuvorligini taʼminlash maqsadida Byuroning Namangan viloyati boshqarmasi qidiruv shoʻbasi inspektorlari tomonidan tegishli tashkilotlar hamkorligida amaliy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Kuni kecha olib borilgan navbatdagi tadbir davomida chustlik qarzdor ota topilib, unga nisbatan uzoq vaqtdan beri aliment toʻlamagani uchun jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Aniqlanishicha, R.Q ga fuqarolik ishlari boʻyicha Chust tumanlararo sudining qaroriga koʻra ikki nafar farzandi uchun to voyaga yetgunga qadar aliment undirish belgilangan. Biroq, qarzdor turli bahonalar bilan belgilangan mablagʻni toʻlamay kelgani uchun joriy yilning aprel oyida oʻn besh sutkalik maʼmuriy qamoqni oʻtab chiqqan. Bundan ham tegishli xulosa qilmay yana farzandlari taʼminotidan boʻyin tovlagani yetmaganday, jamoatchilikdan yashirinib yuradi. Olingan maʼlumotlarga koʻra, qidiruvdagi shaxs Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yurgan chogʻida tadbir davomida ushlanib, Chust tumaniga olib kelindi. Oʻtkazilgan suhbat mobaynida qarzdorlik salkam 15 million soʻmga yetgani, uni bartaraf etish tushuntirildi. Biroq, yana masʼuliyatni his etmadi va unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

— Umuman olganda joriy yilning oʻtgan davrida Byuroning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan qidiruvga berilgan 284 nafar qarzdorlarning 176 nafari topildi, — deydi inspektor Yoqubjon Dolimov. — Ularning 35 nafariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa, 58 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Olib borilgan profilaktik va tushuntirishlardan soʻng 320 mln. soʻm qarzdorlik undirildi.

                                                Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер