Qizilqumning jonivorlar olami 2400 ta yoʻrgʻa tuvaloqqa koʻpaydi
Yoʻrgʻa tuvaloq — Qizilqum choʻli ekotizimining noyob qushi boʻlib, u biologik xilma-xillikni saqlashda muhim oʻrin tutadi. Ushbu qush nafaqat Oʻzbekiston tabiati bezagi, balki xalqaro miqyosda ham muhofazaga muhtoj turlardan biri hisoblanadi. Shu bois yoʻrgʻa tuvaloq Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobi hamda Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasi roʻyxatiga kiritilgan boʻlib, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan tur sifatida eʼtirof etiladi.
Soʻnggi yillarda ularni asrash, koʻpaytirish borasida Navoiy viloyatida ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirilib, hamkorlik doirasining geografiyasi kengayib bormoqda.
Xususan, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Birlashgan Arab Amirligining “Yoʻrgʻa tuvaloq” markazi hamda “Falcon Hunting Solutions” MCHJ oʻrtasidagi hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular tomonidan 2008-yildan buyon Qizilqumda yoʻrgʻa tuvaloqlarni koʻpaytirish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

Yoʻrgʻa tuvaloqlar tabiiy muhitga moslashuvchanligi bilan ajralib turadi, — deydi ekolog olim Eshmamat Togʻayev. — Agar ular uchun qulay sharoit yaratilsa, populyatsiyani barqaror darajada saqlab qolish imkoniyati yuqori.
Hamkorlar tomonidan yaqinda Konimex tumani, shuningdek, Uchquduq, Tomdi tumanlarining choʻl hududlariga jami 2400 dona yoʻrgʻa tuvaloq qoʻyib yuborildi. Qushlarni qoʻyib yuborish bilan birga, ularning yashash muhitini muhofaza qilish va aholi oʻrtasida ekologik madaniyatni oshirish ustida ham targʻibot va tashviqot ishlari olib borish muhim oʻringa ega.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring