Qirgʻiziston Tojikistonni xalqaro shartnomalarni buzishda ayblamoqda
Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi Tojikistonni ikki davlat chegarasidagi qurolli toʻqnashuv paytida bir qator xalqaro shartnomalarni buzganlikda ayblamoqda.
Prokuratura bosqinchilik va boshqa jinoyatlar faktlari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatgan. Unga koʻra, 29-aprel kuni Batken viloyatida Tojikistonning bosqinchi toʻdalari va doimiy qoʻshinlari Qirgʻiziston Respublikasi chegaralariga jirkanch tarzda hujum qilgan.
Hujum tinch aholiga qarshi avtomatlar, minomyotlar, jangovar vertolyotlar, ogʻir zirhli mashinalar, artilleriya ekipajlari va boshqa turdagi qurollar yordamida amalga oshirilganligi qayd etilgan.
Prokuratura maʼlumotlariga koʻra, Tojikiston bu orqali BMTning 1976-yilda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Umumjahon deklaratsiyasi, 1991-yildagi MDHni tashkil etish toʻgʻrisidagi bitim, 1991-yildagi Almati deklaratsiyasi, MDHga aʼzo davlatlarning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini taʼminlash toʻgʻrisida 1994-yilgi Moskva deklaratsiyasi va 1996-yilgi Qirgʻiziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlar asoslari toʻgʻrisidagi shartnoma talablarini buzgan.
Bayonotda tergov choralari koʻrilayotgani, ashyoviy dalillar va video yozuvlar, fotolar olinganligi qayd etilgan.
Avvalroq Tojikiston Bosh prokuraturasi bir guruh harbiy xizmatchilar va Qirgʻiziston fuqarolariga qarshi tajovuzkor urush olib borish boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻagan edi.
3-may kuni ertalab Qirgʻiziston va Tojikiston oʻz harbiy qismlarini chegaradan olib chiqish jarayonini yakunlagani haqida xabar berildi.
29-aprelda Tojikiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi chegaraning bahsli qismida, «Golovnoy» suv taqsimlash punkti hududida mojaro boshlanib, keyinchalik qurolli toʻqnashuvga aylanib ketdi. Mojaroning boshlanishiga tojik tomoni tomonidan suv olish joyi yonida videokuzatuv kamerasi oʻrnatilishi sabab boʻlgan. Tojikiston qurbonlar toʻgʻrisidagi rasmiy statistikani hali taqdim etmagan, Qirgʻiziston toʻqnashuvda jabrlanganar soni 183 kishiga etgani, ulardan 34 nafari halok bo‘lganini xabar qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring