Qirgʻiziston hukumati isteʼfoga chiqdi
Sadir Japarov boshchiligidagi Qirgʻiziston hukumati isteʼfoga chiqdi. Bu haqda RIA nashri xabar bermoqda.
Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti vazifasida faoliyat yuritayotgan Talant Mamitov "Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri va Qirgʻiziston hukumati vakolatlarini tugatish toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.
Unga koʻra, hukumatning amaldagi aʼzolari yangi Vazirlar Mahkamasi tashkil etilgunga qadar oʻz vazifalarini bajarishda davom etadi. Japarovning oʻrnini egallagan Artem Novikov bosh vazir lavozimida faoliyat olib boradi.
Matbuot xizmati vakilining maʼlum qilishicha, Japarov saylov natijalari eʼlon qilingandan soʻng Vazirlar Mahkamasi rahbarligidan isteʼfoga chiqish toʻgʻrisida ariza bergan.
Eslatib oʻtamiz, 10-yanvar kuni Qirgʻizistonda muddatidan oldin prezident saylovlari boʻlib oʻtgan edi. Markaziy saylov komissiyasining rasmiy yakuniy maʼlumotlariga koʻra, 1,1 milliondan ortiq kishi yoki saylov uchastkalariga kelganlarning 79,2 foizi Japarovga ovoz bergan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring