Qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yoʻlga qoʻyiladi

13:42 28 Aprel 2021 Iqtisodiyot
828 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021-yil 27-aprel kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida xalq vakillari tomonidan “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda atroflicha koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi sohadagi muammolarni bartaraf etish, uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida ishlab chiqilgan. Undagi normalar sohadagi munosabatlarni kompleks tartibga solish, zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash va tamgʻalash tizimini, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi davlat organlari va boshqa ishtirokchilarning vakolat hamda javobgarligini aniq chegaralash, tarmoq faoliyatini yashirin iqtisodiyotdan chiqarishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa, tadbirkorlik subyektlarining xom ashyo sifatidagi qimmatbaho metallarga boʻlgan ehtiyojini qondiradi. Ushbu subyektlarga qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilardan toʻgʻridan-toʻgʻri va birjadan sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, loyihadagi normalar asosida qimmatbaho metallarga tovar sifatida qaralib, tadbirkorlik subyekti yoki jismoniy shaxslar ularga egalik qilish, erkin tasarruf etish huquqiga ega boʻladi. Qimmatbaho metallar va toshlardan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlik subyektlariga oʻz buyumlarini oʻzlari tamgʻalash huquqi berilmoqda.

Ushbu hujjatning qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlarining zargarlik sanoati sohasidagi faoliyatini jonlantirishga, ularning huquqlarini ishonchli himoya qilishga, qimmatbaho metallar noqonuniy aylanmasining oldini olishga va pirovard natijada yangi ish oʻrinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilinib, Senatga yuboriladigan boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер