Qatorda bor, ammo qogʻozda yoʻq mollar oshkor boʻldi
Foto: Xalq so‘zi
Mamlakatimizga tovar-moddiy boyliklarini olib kirishning qatʼiy tartiblari belgilangan va ularga rioya etmaslik qonuniy javobgarlikka sabab boʻladi. Afsuski, buni bilsada, qonun-qoidalarni chetlab oʻtishga urinuvchi shaxslar oramizda uchrab turishi esa sir emas.
— Masalan, Andijon viloyatidagi “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelgan “DAF” rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida yuk kuzatuv hujjatlarida koʻrsatilmagan 26 turdagi, umumiy qiymati 2 mlrd. soʻmdan ziyod mahsulotlar mavjudligi aniqlandi, — deydi Andijon viloyat bojxona boshqarmasi katta inspektori Sardorbek Oʻrinboyev. — Maishiy texnika vositalari, kanselyariya mahsulotlari va turli kiyim-kechaklardan iborat ushbu mollar yuzasidan bojxona toʻlovlarini chetlab oʻtishga uringan haydovchi sodir etgan noqonuniy xatti-harakati yuzasidan surishtiruvga jalb etildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida qoʻshma nazorat tadbirlari tashkil etilib, noqonuniy xatti-harakatlar yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring