Qatarda ham koronavirusni yuqtirib olganlar 100 mingdan oshdi
Qatar Sogʻliqni saqlash vazirligining maʼlum qilishicha, mamlakatda 7-iyul holatiga koʻra koronavirusni yuqtirib olganlar soni 100 mingdan oshdi.
2,75 millionta odam yashaydigan Qatarda hozirgacha 101 345 kishiga COVID-19 tashxisi qoʻyildi. Bu mamlakat aholisining 3.65 foizi koronavirusga chalinganini anglatadi. Qatar mazkur koʻrsatkich boʻyicha dunyoda oldingi oʻrinni egallab turibdi. Ammo Qatarda oʻlimlar soni boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha kam boʻlib, shu paytgacha atigi 138 kishi mazkur virus tufayli vafot etgan, xolos.
Qatarda kasallanganlarning qariyb 96 mingdan ortiq bemor tuzalgan. Iqtisodiy jihatdan “baquvvat” boʻlgan Qatarda shu paytgacha aholining 14 foizi - 368 111 kishi koronavirusga test topshirgan.
“Qatarda koronavirusni yengish uchun amalga oshirilgan choralar oʻz samarasini berdi. Natijada, ushbu kasallikning birdaniga avj olib ketishi va kasallanishlarning soni oshib ketishining oldi olindi” deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Qatarda soʻnggi haftalarda koronavirus bilan bogʻliq yangi holatlarning kunlik miqdori kamayib bormoqda. Oʻtgan hafta davomida bir kunda oʻrtacha 748 kishining koronavirusga chalingani aniqlangan boʻlsa, undan oldingi haftada bu raqam 958 kishini tashkil qilayotgan edi. Shuning uchun hukumat bir qancha iqtisodiy faoliyat turlariga ruxsat berishda davom etmoqda. Jumladan, 1-iyuldan boshlab sohillar ochildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring