Qashqadaryolik 115 yoshli jangchi havoda parvoz qildi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 3 nafar faxriy umr kechirmoqda. Ularning eng yoshi ulugʻi — Qamashi tumani Mangʻit mahallasining 115 yoshli faxriysi Roʻziboy bobo Sattorovdir.
Urush boshlangan paytda Roʻziboy bobo 31 yoshdagi baquvvat yigit edi. Frontga urushning ilk kunlaridayoq joʻnab, “Volga” daryosining boʻyida joylashgan shaharlardan birini himoya qilish uchun jangga kirdi. Gʻalabagacha boʻlgan murakkab yoʻlni bosib oʻtib, Berlingacha bordi. Janglar tugagach ham, urushdan vayron boʻlgan hududlarda xalq xoʻjaligini tiklash ishlarida faol ishtirok etdi va 1946-yilda oʻz qishlogʻiga qaytdi.
Tinchlik yillarida turli sohalarda halol mehnat qilib, xalq orasida obroʻ-eʼtibor topgan Roʻziboy bobo bugungi kunda farzandlari, nevara va chevaralari bagʻrida tinch va farovon hayot kechirmoqda.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi boshchiligidagi masʼullar faxriy boboning xonadonga tashrif buyurib, Prezidentimizning tabrigi, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalarini topshirishdi.
Suhbat asnosida Roʻziboy bobo uzoq yillardan buyon qalbida saqlab kelayotgan orzusini izhor etdi — u samolyotda parvoz qilishni orzu qilgan ekan. Bu ezgu tilak zudlik bilan amalga oshirildi: Prezidentimiz topshirigʻiga binoan, Roʻziboy bobo maxsus harbiy samolyotda osmonga parvoz qildi.
Quvonarlisi, u 115 yoshida samolyotda parvoz qilgan eng keksa yoʻlovchi sifatida Ginnesning “Rekordlar” kitobiga kiritilishi mumkin. Bu boʻyicha tegishli komissiyaning rasmiy xulosasi kutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring