Qashqadaryoda yogʻ ishlab chiqarayotgan yashirin sexlar fosh qilindi
Isteʼmolga yaroqsiz yogʻ ishlab chiqarish holatlari fosh etildi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Koʻkdala tumani boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Mazkur tadbir davomida “L.A.” oilaviy korxonasi rahbari J.B. “Annaruz” MFY hududidagi xonadonida yashirin sex tashkil etib, qoʻlbola usulda yogʻ ishlab chiqarayotgani fosh qilingan.
Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, xonadondan umumiy bahosi 125,6 mln soʻmlik 11 289 kg. chigit, 2 150 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Shahrisabz tumani va Shahrisabz shahri boʻlimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda ham aniqlangan.
Unga koʻra, muqaddam JKning 186-2-moddasi bilan sudlangan fuqaro R.F. “Xontepa” MFY hududidagi xonadonida hamda fuqaro D.K. “Tutzor” MFY hududidagi noturar binoda yashirin sex tashkil etib, qoʻlbola usulda yogʻ ishlab chiqarayotganliklari aniqlanib, jami 1 tonna chigit, 480 litr isteʼmolga yaroqsiz yogʻ va ishlab chiqarishda foydalanilgan boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-2-moddasi (chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring