Qashqadaryoda katta tezlikda ketayotgan “Lacetti” zovurga quladi
Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida katta tezlikda harakatlangan “Lacetti” qurilish ishlari olib borilayotgan koʻprikdan qulab tushdi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.
Maʼlum boʻlishicha, voqea 8-oktabr kuni soat 2:00 larda davlat ahamiyatiga ega boʻlgan 4R-95 Koson—Shoʻrbozor avtomobil yoʻlining Koson tumani Ushoqtepa qishlogʻidan oʻtgan 8-kilometrida sodir boʻlgan. Zovur ustida 1980-yilda qurilgan koʻprikni 1-sentabrdan buyon qayta qurish ishlari olib borilayotgan boʻlgan.
“Lacetti” haydovchisi harakatlanib kelayotib, Ushoqtepa qishlogʻi hududida taʼmirlash ishlari olib borilayotgan koʻprikdan pastga tushib ketgan. Oqibatda haydovchi ogʻir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.
Hozirda hodisa yuzasidan Koson tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring