Qashqadaryoda 4,5 ming dona qoʻlbola alkogolning savdoga chiqishi toʻxtatib qolindi

17:01 05 Mart 2026 Jamiyat
465 0

Qashqadaryo viloyatida qonunga xilof ravishda alkogol va tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Aniqlanishicha, fuqaro M.X. “Damas” rusumli avtotransport vositasida 720 dona qoʻlbola alkogol mahsulotini fuqaro Oʻ.Sh.ning “Xoʻjaguzar” MFY hududidagi noturar binosiga olib kelgan vaqtida ushlanib, davom etgan tadbirda ushbu fuqaroning noturar binosidan sotish uchun saqlab qoʻyilgan umumiy bahosi 65,3 mln soʻmlik 18 turdagi jami 2 145 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Shahrisabz shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham fosh qilingan.

Unga koʻra, “V.M.” MCHJ rahbari M.Z. “Yangi Kesh dehqon bozori” hududidagi savdo doʻkonida umumiy bahosi 66 mln soʻmlik 8 turdagi 2 730 dona aksiz markasiz tamaki va 12 turdagi 312 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini savdoga qoʻyganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, Departamentning Kasbi tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar T.Q. va M.X. “Denov” MFY hududiga 720 dona qalbaki aksiz markali va isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida olib kelganligi aniqlanib, alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, Departamentning Dehqonobod tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “B.O.” MCHJ rahbari B.A. Qamashi tumani “Qiziltepa” MFY hududida xaridorga 600 dona qalbaki aksiz markali va isteʼmolga yaroqsiz alkogol mahsulotlarini 12 mln soʻmga sotgan vaqtida tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish), 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер