Qashqadaryoda 1002 ta referendum uchastkasi tashkil etildi

19:09 31 Mart 2023 Jamiyat
1448 0

Foto: Халқ сўзи

Qarshi shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi boʻyicha referendum oʻtkazuvchi 13-Qashqadaryo okrug komissiyasining ilk brifingi boʻlib oʻtdi.

Unda okrug komissiyasi raisi Isoq Ahmedov viloyatda referendumni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

— Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan referendumni oʻtkazish boʻyicha 13-Qashqadaryo okrug komissiyasi tashkil etilib, unga 21 nafar aʼzo biriktirildi, — deydi u. — Shuningdek, viloyatning 2 ta shahar hamda 14 ta tumanida 1002 ta referendum oʻtkazish uchastkalari tashkil etilib, ular haqidagi maʼlumot va manzillari OAVda eʼlon qilindi.

Isoq Ahmedovning taʼkidlashicha, ushbu uchastkalarning 803 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida joylashgan boʻlsa, 41 tasi kasb-hunar maktabi, 48 tasi mahalla fuqarolar yigʻini idorasi, 16 tasi tibbiyot, sanatoriy va dam olish maskanlari, 19 tasi davlatga qarashli korxona va tashkilotlar, 35 tasi madaniyat va sport markazlari, 13 tasi harbiy qism va jazoni oʻtash muassasalari, 14 tasi oliy oʻquv yurtlari, 9 tasi adliya idoralari va davlat xizmatlari markazlari hamda 4 tasi tadbirkorlik subyektlari binolarida tashkil qilingan.

Tadbirda joriy yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga toʻla amal qilinishi taʼkidlandi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер