Qalovini topsa, qor ham yonadi

11:28 29 May 2020 Iqtisodiyot
1543 0

Diqqatga molik fakt: Pandemiya sharoiti qiyinchiliklariga qaramay, Vobkent tumanidagi “Kumushkent ipagi” masʼuliyati cheklangan jamiyati 2400 nafardan ziyod kishini ipak qurti boqish bilan bogʻliq mavsumiy ishga jalb etdi. Bundan tashqari, 50 kishi yollanma mehnat bilan mashgʻul. Korxonaning oʻzida esa 80 nafar ishchi-xodim mehnat qilyapti.

Gulnora Niyozova — ularning biri.U 15 yildirki, shu korxonaning oʻrov sexida ishlamoqda.

— Dastlab qiynalganman, albatta,- deya eslaydi u.— Kishi qunt bilan ishlasa hammasi joyiga tushib ketarkan. Vazifam dastgohlarning bir maromda ishlashini nazorat qilishdan iborat. Mabodo ip uzilgudek boʻlsa, darhol bogʻlab qoʻyaman. Ipakdan olinayotgan ip sifati koʻp jihatdan bizning mehnatimizga bogʻliq. Kasbimni yaxshi koʻraman. Sizga yolgʻon, menga chin, hozir koʻzimni chirt yumgan holda ham ishlay olaman.

Korxonada ishlovchilarning koʻpchiligi qishloq xotin-qizlari. Ular uchun avtobus ajratilgan. Bepul tushlik berilyapti.

— Biz Vobkent hamda Kogon tumanlarida yetishtirilgan 300 tonnadan ziyod pillani qayta ishlaymiz,- deydi korxona bosh hisobchisi Nurxon Oʻrayeva.— Ipak qurti boquvchilarga ham, uni qayta ishlovchilarga ham imkon qadar qulayliklar yaratib beryapmiz.

Shu oʻrinda bir misol. Korxona tadbirkorlari xorijdan sunʼiy dasta tayyorlaydigan zamonaviy uskuna xarid qilishdi. Joriy mavsumda 3 ming quti ipak qurti uchun zarur dasta shu uskuna vositasida tayyorlandi. Ishlatish uchun qulay, toza bunday dastalardan oʻn yilgacha foydalanish mumkin. Vaholonki, shu paytga qadar shuvoq, supurgi va hatto terak shoxlari pilla oʻrovchi vosita sifatida ishlatilar edi. Mutaxassislarning aytishlaricha, masalaning boshqa tomoni ham bor. Bir quti ipak qurtiga bir telejka shuvoq kerak. Uni yaylovdan toʻplash uchun toʻrt kishi bir kun vaqt sarflaydi. Achinarlisi, atrof- muhitga jiddiy ziyon yetadi.Chorva rizqi qiyiladi.Zamonaviy uskuna sharofati bilan bu masalaga ham yechim topildi.

— Qalovini topsa, qor ham yonadi, deb bejiz aytishmagan,- deydi korxona ish yurituvchisi Jobir Hojiyev. — Yaqinda korxonamiz qoshida ipakdan gilam toʻqishni yoʻlga qoʻydik. ”Usta – shogird” usulida ish oʻrgangan bir guruh yoshlarimiz turli oʻlchamdagi nafis gilamlarni toʻqishmoqda.

Ishga ana shunday zamonaviy yondashuvlar korxonaning eksport salohiyatini oshiryapti. Maʼlumotlarga qaraganda, “Kumushkent ipagi” 2019-yilda Janubiy Koreya, Xitoy, Hindiston singari davlatlardagi buyurtmachilarga 1,1 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotni yetkazib berdi.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер