Qaytib kelganimda, qizim meni taniy olmadi yoxud Isroil qamoqxonasidan qaytgan falastinlik jurnalist ayol hikoyasi

15:14 24 Yanvar 2025 Dunyo
317 0

Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish bitimining birinchi bosqichida ozod etilgan 90 nafar falastinliklar orasida jurnalist Rula Hassanein ham boʻlgan. U Isroil qamoqxonasidagi holatlarni soʻzlab bergan. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, jurnalist 2024-yilning mart oyida Isroilning Gʻazo va Gʻarbiy Sohildagi harbiy tajovuzlari haqida yozgan postlari uchun Isroil hukumati tomonidan hibsga olingan.

“Meni hibsga olishganda 9 oylik qizim bor edi. Ular meni qizimdan ayirishdi. Salkam bir yil deganda uyga qaytib keldim, qizim meni taniy olmadi. U boshqa ayolni oʻz onasi deb oʻylayapti”, — deydi jurnalist OAVga bergan intervyusida.

Shuningdek, 10 oylik qamoq davomida uning oldiga birorta ham tashrif buyuruvchilarga ruxsat berilmagan.

“Yonimga keluvchilarni qaytarib yuborishardi. Faqatgina bir marta 9 oylik qizimning suratini koʻrishga ruxsat berishdi. Yetti oydan soʻng birinchi marta qizimning rasmini koʻrib, hayratga tushdim”, — deydi u.

Rula Hassanein “Al Jazeera” nashriga bergan intervyusida boshqa ayol mahbuslar bilan zich joylashgan kamerada saqlanganini, qamoqxonada insonning birlamchi ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli sharoit yoʻqligini maʼlum qilgan.

“Eng oddiy huquqlarimiz ham poymol qilindi. Asosiy ehtiyojlarimizni qondirish uchun ham sharoit yoʻq. Yetarli oziq-ovqat va gigiyena vositalari bilan taʼminlanmadik”, — deb qoʻshimcha qiladi jurnalist.

Eslatib oʻtamiz, 20-yanvar kuni Gʻazodagi oʻt ochishni toʻxtatish bitimining birinchi bosqichida Isroil HAMAS tomonidan ozod qilingan uch kishi evaziga 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер